Yangiliklar

img
Sat, 09/12/2026 - 10:02

Noyob qo‘lyozma manbalarni tadqiq etish masalalari muhokama qilindi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida doktorantlar, izlanuvchilar va tadqiqotchilarning ilmiy salohiyatini oshirish, zamonaviy tadqiqot metodologiyalarini ommalashtirish hamda ilmiy izlanishlar sifatini oshirishga qaratilgan an’anaviy ilmiy-metodologik seminarlar tizimli ravishda o‘tkazib kelinmoqda.

Universitet Ilmiy bo‘limi tashabbusi bilan tashkil etilayotgan mazkur seminarlar yosh tadqiqotchilar uchun ilmiy izlanishning zamonaviy metod va yondashuvlarini o‘rganish, xalqaro ilmiy tajriba bilan tanishish, yetakchi olimlar bilan bevosita muloqot qilish va tadqiqotlarini yangi ilmiy manbalar asosida boyitish imkonini beruvchi muhim ilmiy platformaga aylanmoqda. Navbatdagi seminar ham ana shu an’anani davom ettirib, Yevropa kutubxonalari va ilmiy fondlarida saqlanayotgan Markaziy Osiyo tarixi, madaniyati, tili va adabiyotiga oid qo‘lyozma manbalarni izlash, o‘rganish va ilmiy muomalaga kiritish masalalariga bag‘ishlandi.

Seminarning asosiy ma'ruzachisi Oksford universiteti Bodleian kutubxonalarining Markaziy Osiyo, Kavkaz va Usmonli turkiy tili bo‘yicha mutaxassisi, turkolog Nikolas Kontovas ma’ruza bo'ldi.

Nikolas Kontovas o‘z ma’ruzasida Oksford universitetining Bodleian kutubxonasida saqlanayotgan Markaziy Osiyoga oid noyob fondlar va qo‘lyozmalar, ularning ilmiy qiymati, mazkur manbalarning shakllanish tarixi hamda tadqiqotchilar uchun ochiq bo‘lgan ilmiy imkoniyatlar haqida atroflicha so‘z yuritdi. Olim ToshDO'TAUdagi ilmiy muhit, tadqiqotchilarning manbalarga bo‘lgan qiziqishi va ilmiy savollarining mazmun-mohiyatiga alohida e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, Markaziy Osiyo manbalarini chuqur o‘rganishga ixtisoslashgan ilmiy muhitning aynan shu maskanda shakllanayotgani va yosh tadqiqotchilarning xalqaro manbalar bilan ishlashga intilishi ilmiy hamkorlik uchun katta imkoniyatlar yaratadi. Universitetda bunday ilmiy muloqotlarning muntazam yo‘lga qo‘yilgani esa tadqiqotchilarni xalqaro ilmiy hamjamiyat bilan yanada yaqinlashtirayotgan muhim omillardan biri sifatida qayd etildi.

Shuningdek, Yevropa kutubxonalarida saqlanayotgan turkiy va Markaziy Osiyo manbalarini aniqlash, ularni kataloglashtirish, o‘rganish va ilmiy tadqiqotlarga jalb etishning zamonaviy usullariga e’tibor qaratildi.

 

Seminar jarayonida qo‘lyozma manbalarni birlamchi manba sifatida tadqiq etish, tarixiy materiallarni qiyosiy o‘rganish, xalqaro kutubxona va arxiv fondlaridan foydalanish, raqamlashtirilgan manbalar bilan ishlash hamda ilmiy izlanishlarda xalqaro tajribani qo‘llash masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Ilmiy-metodologik seminarlarga universitetning Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Nozliya Normurodova moderatorlik qilib, tadqiqotchilar va mutaxassislar o‘rtasidagi ilmiy muloqotni muntazam tashkil etib kelayotgani alohida e'tirof etildi. Ta’kidlash joizki, bunday seminarlarning muntazam tashkil etilishi universitetda ilmiy tadqiqot muhitini yanada rivojlantirish, doktorant va izlanuvchilarni xalqaro ilmiy makon bilan bog‘lash, manbashunoslik va tadqiqot metodologiyasiga oid zamonaviy bilimlarni amaliyotga tatbiq etish borasida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

 

Ayniqsa, Markaziy Osiyo tarixiy-madaniy merosining dunyoning turli ilmiy markazlari va kutubxonalarida saqlanayotgan qismini tadqiqot jarayoniga jalb etish milliy ilm-fan oldidagi dolzarb vazifalardan biri sanaladi. Shu jihatdan, Oksford universiteti kabi nufuzli ilmiy markaz vakilining universitet tadqiqotchilari bilan bevosita ilmiy muloqoti yangi manbalarni kashf etish, xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish va tadqiqotlarning manbaviy bazasini mustahkamlash nuqtayi nazaridan alohida ahamiyatga ega.