
Notiqlik san'atidan mahorat darsi
2024- yil 6-noyabr kuni Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida taniqli aktyor, notiq, “Notiqlik” xususiy maktabi asoschisi Akmal Abdulaziz ishtirokida O‘zga tilli guruhlarda o‘zbek tili ta’lim yo‘nalishi 3-kurs talabalari uchun “O‘qituvchi nutqi madaniyati” fanidan “Notiqlikda nutq texnikasi” mavzusidagi binar ma’ruza o‘tkazildi. Ma’lumki, har qanday fan o‘qituvchisining asosiy quroli bo‘lib uning nutqi hisoblanadi. Shunga ko‘ra, har bir o‘qituvchi mohir notiq bo‘lishi zarur. Akmal Abdulaziz o‘z chiqishida mohir notiq bo‘lib yetishishda aynan nimalarga rioya qilish zarurligi, ya’ni notiq, avvalo, jamoa bilan erkin gaplashish qobiliyati va malakasiga ega bo‘lishi kerakligi, yaxshi tayyorgarlik – a‘lo nutq garovi ekanligi, nutq muddati qancha qisqa bo‘lsa ham, unga ko‘proq tayorgarlik ko‘rish lozimligi, gapirib o‘ylash emas, balki o‘ylab gapirish zarurligi, “ So‘z — kumush, sukut — oltin” bo‘lib, tinglay olish ham notiqlik san‘ati sirlaridan biri ekanligi, ommabop nutq oldiddan albatta chuqur o‘ylab, anglab, uni tinglaydigan auditoriya va gapiradigan gap o‘zingizga bog‘liq ekanligini his etib olish shartligi kabi mohir notiqlikning 45 siri haqidagi fikrlarni bildirdi.
Akmal Abdulaziz, shuningdek, nutq texnikasi, nutq mashqlari haqida talabalarga batafsil ma’lumotlar berib, ularga qiziqarli mashqlarni ham bajartirdi.
Akmal Abdulaziz universitet bilan bir nechta yo ‘nalishlarda hamkorlik qilishni, xususan, “Notiqlik” xususiy maktabiga talabalarni tanlov asosida ishga taklif qildi. Bu o‘ziga xos uchrashuv talabalarda katta taassurot qoldirdi va ularda rag‘bat uyg‘otdi.