Noshir bilan uchrashuv
2023-yilning 13-sentabrida Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida taniqli adabiyotshunos, noshir, tadbirkor, “Akademnashr” nashriyotining bosh direktori Sanjar Nazar bilan universitet professor-oʻqituvchilari va Amaliy filologiya hamda Noshirlik ishi taʼlim yoʻnalishi talabalarining uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Deyarli uch soat davom etgan uchrashuvda Sanjar Nazar bugungi kun noshirlari bilishi zarur boʻlgan bilim, malaka va koʻnikmalar haqida batafsil maʼlumot berib, nihoyatda qiziqarli boʻlgan nutqida talabalarga juda kuchli motivasiya berishga muvaffaq boʻldi. U talabalar oʻz oldiga qoʻygan maqsadlariga erishishlari uchun zarur boʻladigan eng muhim omillarni sanab oʻtar ekan, ularning ichida eng muhimi – kitob oʻqish orqali dunyoqarashni kengaytirish birinchi navbatda turishi, dunyoni oʻzgartirmoqchi har bir inson oʻzgartirishni avvalo oʻzidan boshlashi zarurligini alohida taʼkidladi.
Sanjar Nazar hozirda kunda universitet talabalaridan 3 nafari nashriyotda 0.5 stavkada ishlayotgani, ularning ishidan mamnun ekanligini, 1-kurs Noshirlik ishi taʼlim yoʻnalishi talabalari esa amaliyot oʻtayotganligini bildirdi.
Notiqning motivatsion nutqidan taʼsirlangan professor-oʻqituvchi va talabalar Sanjar Nazarga koʻplab savollar bilan murojaat qilib, unga asosli va izchil javoblarni olishdi.
Uchrashuvdan katta motivasiya olib ilhomlangan qatnashchilar Sanjar Nazarga uchrashuv uchun samimiy minnatdorchilik bildirishdi.


