
“Navoiy g‘azaliyoti talqinlari” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida O‘zbek adabiyoti va uni o‘qitish metodikasi kafedrasi professori, filologiya fanlari doktori Nusratilla Jumaxo‘janing “Navoiy g‘azaliyoti talqinlari” nomli yangi kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbir ilmiy-ma’rifiy ruhda o‘tib, unda “O‘zbekiston” nashriyoti bosh muharriri Azim Boboniyozov boshchiligidagi mehmonlar, professor-o‘qituvchilar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdilar.
Taqdimot davomida muallif kitobning yaratilish jarayoni, maqsadi va ilmiy asoslari haqida so‘z yuritdi. U o‘z asarida Alisher Navoiy g‘azallarini badiiy, ma’naviy va falsafiy jihatdan chuqur tahlil qilganini, shuningdek, ularni zamonaviy filologik yondashuvlar nuqtayi nazaridan qayta talqin etganini ta’kidladi. Muallif, shuningdek, Navoiy ijodidagi g‘azal janrining o‘ziga xosliklari, timsollar tizimi, g‘oya va obrazlarning ma’no qatlamlari haqida batafsil ma’lumot berdi.
Tadbirda ishtirokchilar kitobning ilmiy qiymati, tahliliy uslubi va adabiy merosni chuqur o‘rganishdagi ahamiyati haqida fikr almashdilar. Professor-o‘qituvchilar asarning zamonaviy adabiyotshunoslikda yangi izlanishlarga turtki berishini, talaba-yoshlar uchun esa Navoiy merosini anglashda muhim manba bo‘lishini alohida qayd etdilar. Mehmonlar asarni o‘zbek adabiyotini tadqiq etish va targ‘ib qilish borasida muhim ilmiy yutuq sifatida e’tirof etdilar.
Tadbir yakunida muallifga minnatdorlik bildirildi, unga ijodiy muvaffaqiyatlar tilandi. Talabalarga esa kitobni o‘qish, undagi tahlillar orqali Navoiy ijodini yanada chuqur o‘rganish tavsiya etildi. Mazkur taqdimot universitetda adabiy merosni zamon ruhida talqin etish va yoshlar orasida ilmiy-ma’naviy tafakkurni rivojlantirish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etdi.