
Mustaqil izlanuvchilik institutiga talabgorlar suhbatdan o'tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-maydagi 304-sonli qarori asosida, 2025-yil 28-avgust kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat universitetida 2025-yilning IV choragi uchun oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutining mustaqil izlanuvchilik institutiga hujjat topshirgan talabgorlar bilan qabul suhbati o‘tkazildi. Suhbat 10.00.01 – O‘zbek tili, 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti, 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik, 10.00.10 – Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik, 10.00.11 – Til nazariyasi. Amaliy va kompyuter lingvistikasi hamda 13.00.02 – Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (o‘zbek tili, o‘zbek adabiyoti) ixtisosliklari bo‘yicha tashkil etildi.
Shaffoflikni ta'minlash maqsadida jarayon Zoom platformasi orqali onlayn translyatsiya qilindi. Suhbat universitet professor-o‘qituvchilaridan iborat komissiya tomonidan og‘zaki suhbat shaklida tashkil qilinib, unda talabgorlarning ilmiy-ijodiy salohiyati, nazariy bilimlari, amaliy ko‘nikmalari hamda rejalashtirilayotgan tadqiqot mavzusining dolzarbligi va istiqbolliligi baholandi. Suhbat davomida ixtisoslikka oid nazariy savollar, ilmiy manbalarni tahlil qilish ko‘nikmalari, tadqiqot metodlari hamda ilmiy natijalarni amaliyotga joriy etish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Qabul suhbati yakunida komissiya a’zolari tomonidan olingan natijalar umumlashtirildi va belgilangan tartibda rasmiylashtirildi.