
Muqaddasdir Vatan bayrog‘i
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti O‘zbek filologiyasi fakulteti, "O‘zbek tilshunosligi" kafedrasi o‘qituvchisi Kenjayeva Dildora Respublika aerogeodeziya markazida o‘tkazilgan madaniy-ma’rifiy va ilmiy tadbirlarda faol ishtirok etdi. Ushbu tadbirlar "Muqaddasdir Vatan bayrog‘i" shiori ostida tashkil etilgan bo‘lib, Vatanparvarlik g‘oyalarini targ‘ib qilish va davlat tilining ahamiyatini yanada yuksaltirishga qaratilgan edi.
Tadbir doirasida "Davlat tilida ish yuritish" mavzusida seminar ham o‘tkazildi. Seminar davomida ishtirokchilar o‘rtasida faol savol-javoblar bo‘lib o‘tdi va muhokamalar davlat tili siyosati, rasmiy yozishmalar madaniyati hamda tilning amaliy hayotdagi o‘rni kabi masalalarni qamrab oldi. Seminar yakunida esa ishchi xotin-qizlar uchun maxsus tashkil etilgan "Ilmli ayol – jamiyat ko‘zgusi" nomli davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Ushbu suhbatda jamiyatda ayollarning ilm va ma’rifatga intilishi, ularning ijtimoiy faolligi haqida fikrlar bildirilib, o‘zaro tajriba almashildi.
Tadbir yakunida Respublika aerogeodeziya markazi xodimlari ishtirokchilarga o‘z minnatdorchiligini bildirib, kelgusida ham universitet bilan hamkorlikni davom ettirish va yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha rejalari borligini ta’kidladilar. Ushbu uchrashuv ta’lim muassasalari va ishlab chiqarish sohasidagi hamkorlikning ahamiyatini yana bir bor ko‘rsatdi.