“Mumtoz adabiyotning dolzarb muammolari” mavzusida konferensiya bo‘lib o‘tdi
2025-yil 24-oktabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida ardoqli ustoz, filologiya fanlari doktori, professor Hamidjon Homidiy tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlangan “Mumtoz adabiyotning dolzarb muammolari” mavzusidagi Respublika ilmiy-nazariy konferensiyasi o‘tkazildi.
Tadbirni universitet rahbariyati ochib berdi. So‘zga chiqqanlar Hamidjon Homidiy hazratlarining o‘zbek adabiyotshunosligi rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi, u kishining ilmiy maktabi va shogirdlar tayyorlashdagi o‘rni haqida so‘z yuritdilar. Ustoz olimning mumtoz adabiyot, xususan, Alisher Navoiy ijodini o‘rganishdagi xizmatlari, uning asarlariga yozilgan ilmiy sharhlar va izohlar bugungi adabiy jarayon uchun ham dolzarbligini saqlab qolayotgani ta’kidlandi.
Konferensiyada mamlakatimizning yetakchi oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari hamda nashriyot va matbuot sohalaridan taniqli olimlar, professor-o‘qituvchilar, doktorantlar va magistrantlar ishtirok etdilar. Tadbir doirasida mumtoz adabiyotning hozirgi adabiy va ma’naviy hayotdagi o‘rni, zamonaviy talqinlari hamda yangi ilmiy yondashuvlar yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, konferensiya doirasida Hamidjon Homidiy hayoti va ilmiy faoliyatiga bag‘ishlangan ko‘rgazma tashkil etildi. Unda olimning qo‘lyozmalari, ilmiy asarlari, shogirdlarining tadqiqot ishlari hamda fotosuratlar namoyish etildi.

Anjuman yakunida eng dolzarb ilmiy ma’ruzalar muhokama qilinib, istiqboldagi ilmiy loyihalar bo‘yicha takliflar bildirildi. Tadbir mumtoz adabiyotimizni chuqur tadqiq etish, milliy adabiy merosni yosh avlod ongiga singdirish va ilmiy hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi.

