Yangiliklar

img
Mon, 03/20/2023 - 18:38

Muhtaram hamkasblar, aziz talabalar!

Ayni shu kunlarda qutlug‘ qadamlari bilan diyorimizga kirib kelgan bahor, yosharish va yangilanish ramzi, sharqona yangi yil debochasi bo‘lmish Navro‘zi olamni kutib olish va o‘tkazish marosimlari va xursandchiligini hech qaysi bayram bilan solishtirib, qiyoslab bo‘lmaydi.  Biz Navro‘zni eng ezgu tilaklar,  ezgu amallar bilan qarshilaymiz.  
Navro‘z ayyomini xalqimiz naqadar orziqib va intizor bo‘lib kutib olayotgani, bu bayramni eng qadimiy va asl milliy bayram sifatida ana shunday ardoqlab o‘tkazishimiz bejiz emas va bunda chuqur ma’no-mazmun bor. Bunday munosabat – avvalo ko‘hna va buyuk tariximizga, ulug‘ ajdodlarimiz qoldirgan merosga, boy madaniyatimizga hurmat-ehtirom bilan qarash deganidir. 
Ajdodlarimiz navro‘zda yillik rejalarini tuzishgan,  navro‘zga eson-omon yetganlarni qutlab,  o‘tganlarni yod etishgan.  
Universitetimiz jamoasi ham navro‘zdan navro‘zgacha ko‘plab yutuqlarni qo‘lga kiritdi,  jamoamizning quvonchli kunlari ko‘p bo‘ldi.  Mamlakatimiz va jahon miqyosida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti nufuzi tobora ortib bormoqda.  Tilagim,  kelgusi navro‘zga barchamiz qatorimizdan xato bo‘lmay yetaylik,  yangi yuksak marralarni birgalikda zabt etaylik.  Talabalarimizning muvaffaqiyatlari mo‘l bo‘lsin,  ustozlarimizning ilmiy va kasbiy faoliyatlarida zafarlar tilayman.  
Osmonimiz musaffo, yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo‘lsin!
Xonadonlarimizdan mehr-oqibat, fayz-u baraka arimasin!
Tabarruk otalarimiz, munis onalarimizning umrlari uzoq bo‘lsin, aka-ukalarimiz, opa-singillarimizning ko‘nglidagi pok niyatlari ijobat bo‘lsin!
Navro‘zi olam barchamizga muborak bo‘lsin!


Shuhrat Sirojiddin

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, 
filologiya fanlari doktori,  professor