
Muhim mavzuda davra suhbati tashkil etildi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2024-yil 25-martdagi 06/12-sonli Qo‘shma qaror ijrosini amalga oshirish maqsadida Ichki ishlar vazirligi xodimlari bilan navbatdagi davra suhbati tashkil etildi. Universitetda Ichki ishlar vazirligi akademiyasi magistratura bosqichi tinglovchisi Asqar Mo’minov ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi. Davra suhbatida ma'ruzachi ishtirokchilarga bugungi kunda Ichki ishlar tizimida yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar, tizimga ishga joylashmoqchi bo‘lgan yoshlar uchun belgilangan talablar, shuningdek, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikni va ularning jinoyat qurboni bo‘lishlarini oldini olish, talabalar xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Shuningdek, u “Yoshlar o‘rtasida bezorilik hamda hayot va sog‘liqqa qarshi jinoyatlarning oldini olish” mavzusida ma’ruza o‘qidi. Ma’ruzada barkamol avlodni voyaga yetkazish, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarga doimiy g‘amxo‘rlik qilish mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan siyosatning eng muhim va ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligi qayd etildi. Mo’minov Asqar Mirzamurodovich Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikni oldini olishga qaratilgan maxsus profilaktik tadbirlarga alohida e’tibor qaratdi. Davra suhbatining yakunida yoshlarimiz Konstitutsiya va qonunlarni yaxshi bilish, o‘z huquqlaridan foydalanish bilan birga, burch va majburiyatlarini to‘liq bajarishga odatlanishi lozimligi, atrofdagi voqea-hodisalarga teran tafakkur va vazminlik bilan munosabatda bo‘lish, ularni har tomonlama chuqur tahlil qila olish kundalik vazifamizga aylanishi kerakligi ta’kidlandi. Shuningdek, mazkur yo‘nalish bo‘yicha qisqa videorolik namoyish etildi.
Davra suhbatida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olishdi.