
Mo'g'uliston faxriy konsuli universitetimizda mehmon bo'ldi
Joriy yilning 30-aprel kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universitetida Mo'g'ulistonning O'zbekistondagi faxriy konsulligi vakillari mehmon bo'ldi. Mehmonlarni universitetimiz xalqaro hamkorlik bo'yicha prorektori Nozliya Normurodova qabul qildi. Suhbat avvalida Mo'g'uliston Respublikaisning O'zbekistondagi faxriy konsuli A. Altanxuyag tez orada O'zbekistonda Mo'g'uliston Respublikasining elchixonasi ochilajagini va diplomatik missiyalarni keng ko'lamda davom ettirish uchun O'zbekiston OTMlari bilan ilmiy-madaniy hamkorlik o'rnatishga kirishilganini qayd etdi. O'zbekiston va Mo'g'ulistonni umumiy tarix, ko'plab madaniy yodgorliklar birlashtirib turadi. O'tmishdan to hozirgacha bu ikki xalq bir-biriga ijtimoiy, siyosiy, madaniy-ma'rifiy jihatdan ta'sir qilib kelgan. Ikki davlat o'rtasidagi hamkorlik aloqalari 2022-yilda Mo'g'uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsuxning O'zbekistonga tashrifidan keyin keng o'zanda rivojlana boshladi. 2023-yilda esa Mo'g'uliston tashqi ishlar vaziri Batmunx Batsetseg O'zbekistonda Mo'g'ulistonning rasmiy elchixonasi ochilishini e'lon qilgan edi. Mo'g'ul vakillarining universitetimizga tashrifi kelgusida ilmiy, o'quv-uslubiy sohalarda Mo'g'uliston ta'lim muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishi shubhasiz.