
Milliy qadriyatlar - millat ma'naviyatining ko‘zgusi
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Milliy qadriyatlar oyligi” doirasida “Milliy qadriyatlar - millat ma'naviyatining ko‘zgusi” mavzusida ko‘tarinki ruhda tadbir tashkil etildi. Ushbu tadbir yoshlar tarbiyasida o‘zbek milliy qadriyatlarining o‘rnini oshirish va mustahkamlashga qaratilgan bo‘lib, milliy urf-odatlarimiz, qadimiy an’ana va marosimlarimizni keng targ‘ib etishga xizmat qildi.
Tadbir doirasida talabalar tomonidan milliy liboslar va taqinchoqlar ko‘rgazmasi namoyish etilib, sahna chiqishlari, kuy va qo‘shiqlar ijro etildi. Xalqimizning boy madaniy va ma’naviy merosi, milliy qadriyatlari, azaliy urf-odatlari, shuningdek, ajdodlarimizning ozodlik va mustaqillik yo‘lidagi jasorati haqida ma’lumotlar berildi.
Tadbirning yana bir diqqatga sazovor jihati milliy o‘yinlarimizga alohida e’tibor qaratilgani bo‘ldi. Talabalar arqon tortish, tosh ko‘tarish kabi an’anaviy sport o‘yinlarida bellashib, milliy qadriyatlarni yanada jonlantirdi. Shuningdek, milliy laparlari kuylanib, qozonlarda mazali o‘zbek oshi damlandi.
Mazkur tadbir yoshlar orasida milliy qadriyatlarimizga bo‘lgan hurmat va e’tiborni yanada oshirishga xizmat qilib, o‘zbek ma’naviyatining boyligiga yana bir bor urg‘u berdi.