
Metodik yangilanish jarayonida universitetimizning munosib hissasi
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan Abdulla Avloniy nomidagi pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga o‘rgatish milliy tadqiqot institutida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari uchun 4-an’anaviy forum tashkil etildi.
Mazkur forumda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti vakillari — universitet professori, filologiya fanlari doktori Klaraxon Mavlonova, filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktorlari (PhD) Sanobar Kuldasheva va Dilafroʻz Hidoyatovalar trener sifatida ishtirok etib, o‘z mahorat darslarini o‘tkazdilar.
Mazkur mahorat darslarida zamonaviy dars jarayonida innovatsion yondashuvlar, kompetensiyaviy ta’lim asoslari, til va adabiyot fanini o‘qitishda ilg‘or metodikalar, shuningdek, o‘qituvchilarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirishga qaratilgan amaliy uslublar muhokama qilindi. Trenerlarimiz o‘z ma’ruzalari va amaliy mashg‘ulotlari orqali ishtirokchilarga nazariy bilimlar bilan birga pedagogik tajriba almashish imkoniyatini ham yaratdilar.
Ona tili va adabiyot o‘qituvchilari uchun bu forum nafaqat kasbiy o‘sish maydoni, balki ilmiy-ijodiy hamkorlik, soha mutaxassislari bilan bevosita muloqot va tajriba almashish maydoniga aylandi.
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti ushbu tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda va ta’lim tizimida sifatli o‘zgarishlarni amalga oshirishda faol ishtirok etmoqda.