Yangiliklar

img
Wed, 03/19/2025 - 19:55

Matnshunoslik va manbashunoslik bo‘yicha ilmiy-metodologik seminar bo‘lib o‘tdi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida doktorant va izlanuvchilar uchun an’anaviy ilmiy-metodologik seminar davom etmoqda. Ushbu seminar ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, zamonaviy metodologik yondashuvlarni qo‘llash hamda matnshunoslik va manbashunoslik sohalarining o‘ziga xos ilmiy muammolarini tahlil qilishga bag‘ishlandi. Universitet rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov seminarni muntazam tashkil etish tadqiqotlar samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab, bu jarayon matn va manbalarni ilmiy asosda tadqiq etish usullarini rivojlantirishga xizmat qilishini qayd etdi.
19-mart kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi seminar matnshunoslik va manbashunoslik sohalaridagi tadqiqotlarni ilmiy-metodologik jihatdan mukammallashtirish masalalariga bag‘ishlandi. Tadbir davomida matnlarning tarixiy shakllanishi, struktura va semantikasini tadqiq etish usullari, manbalarni klassifikatsiya qilish va ularni ilmiy tahlil qilish metodlari, matnlarning filologik va lingvistik xususiyatlarini aniqlash kabi mavzularga e’tibor qaratildi.
Seminarning asosiy maqsadi – matnshunoslik va manbashunoslik sohasida tadqiqot olib borayotgan izlanuvchilarni zamonaviy ilmiy usullar bilan tanishtirish, ilmiy yondashuvlarni takomillashtirish va ilmiy-amaliy tajribalar bilan o‘rtoqlashishdan iborat bo‘ldi. Tadbir davomida matnshunoslik bo‘yicha matnlarning tili va uslubini tadqiq qilish, ularning genezisi va taraqqiyot bosqichlarini o‘rganish, leksikografik va grammatik tahlil metodlarini qo‘llash, shuningdek, matnlar intertekstual bog‘liqligi va mantiqiy tuzilishini o‘rganish masalalari ko‘rib chiqildi. Manbashunoslik doirasida esa qadimgi va zamonaviy yozma manbalarni tasniflash, ularning ishonchliligi va autentifikatsiyasini aniqlash, manbalarning tarixiy kontekstini tiklash va ularni mukammal ilmiy sharhlash tamoyillari muhokama qilindi.
Seminarda filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborov hamda filologiya fanlari nomzodi, dotsent Nigora Sulaymonova ma’ruzachilar sifatida qatnashib, matnshunoslik va manbashunoslik sohalarida ilmiy tadqiqot olib borishning dolzarb masalalari, metodologik muammolar hamda ularning yechimlari yuzasidan o‘z ilmiy tajribalarini baham ko‘rdilar. Tadbirni ToshDO‘TAU ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Nozliya Normurodova boshqarib bordi.
Ishtirokchilar matnshunoslik va manbashunoslik sohalarida fundamental va amaliy tadqiqotlar yuzasidan o‘z savollari bilan ilmiy muloqot olib borib, yangi yondashuvlarni muhokama qildilar. Ushbu seminar filologiya yo‘nalishidagi tadqiqotchilar uchun nafaqat nazariy, balki amaliy jihatdan ham muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi. Tadqiqotchilar va izlanuvchilar ilmiy-metodologik yangiliklardan xabardor bo‘lish, matn va manbalarni o‘rganish bo‘yicha samarali usullarni qo‘llash imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Seminar bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot olish uchun ToshDO‘TAU ilmiy bo‘limiga murojaat qilishingiz mumkin.