Masofaviy taʼlimni tashkil etish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi
Joriy yilning 24-yanvar kuni Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida masofaviy taʼlimni tashkil etish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Yigʻilishni rektor Sh.Sirojiddinov olib bordi va bugungi kunda OTMlarining, jumladan Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti ham masofaviy taʼlim tizimiga oʻtganligi, bu borada yuzaga keladigan barcha muammolar bartaraf etilishi, masofaviy taʼlim platformasida aks etishi zarurligi haqida taʼkidladi.
Bundan tashqari, masofaviy taʼlim borasidagi masalalarni hal etish boʻyicha fakultetlar dekanlariga tegishli topshiriqlar berildi. Masofaviy taʼlim davrida har bir fakultetda CALL-markazlari faoliyat yuritishni boshlashi lozimligi, ular talabalar va ota-onalarda yuzaga keladigan savol va masalalarga atroflicha javob berishi zarurligi aytib oʻtildi.
Shuningdek, Sh.S.Sirojiddinov yigʻilishda maʼnaviy-maʼrifiy masalalarga alohida toʻxtalib oʻtdi. Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar prorektori B.Xoliqovga birinchi prorektor maqomi berilganligi, bu vazifaning masʼuliyati haqida toʻxtalib oʻtdi hamda maʼnaviy-marifiy ishlar boʻyicha bir qator vazifalar belgilandi.
Yigʻilishda oʻquv ishlari boʻyicha prorektor S.Normamatov soʻzga chiqdi. Prorektor masofaviy taʼlimni tashkil etish borasida o‘z fikrlarini aytib o‘tdi, masʼullarga bu borada qator vazifalar yuklatildi.