Yangiliklar

img
Sat, 11/02/2024 - 12:34

Marmara universiteti bilan hamkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda

Universitetni xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, ta’lim sifati va ilmiy tadqiqot ishlari samaradorligini oshirishda xorij tajribasini oʻrganish gʻoyat muhimdir. Shu maqsadda joriy yilning 28-oktabridan 2-noyabriga qadar ToshDOʻTAU Xalqaro hamkorlik boʻyicha prorektori N.Normurodova Turkiya Respublikasida xizmat safarida boʻldi. Safar davomida vakilimiz Turkiyaning nufuzli OTMlaridan biri Marmara universitetiga tashrif buyurdi. Tashrifdan koʻzlangan asosiy maqsad karyera markazlari faoliyatini takomillashtirish sohasida hamkorlik to‘g‘risida Ahdlashuv bayonnomasi oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari uchun munosib ish o‘rinlari yaratish maqsadida tashkil etilgan karyera markazlari faoliyatini yanada rivojlantirishda Turkiya universitetlari tajribasini o‘rganish va hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, oliy taʼlim muassasalarining karyera markazlari faoliyatini yaxshilash va talabalarning ishga joylashishini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha tajriba almashish, karyeraga oid tadbirlarni tashkil etishda va raqamli vositalarni rivojlantirishda hamkorlik aloqalarini kengaytirish masalalarini kelishish, talabalar va tadqiqotchilar uchun ilmiy stajirovka va malaka oshirish dasturlarini tashkil etish, hamkorlikda ilmiy va innovatsion tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, ekspertlar ishtirokida treninglar o‘tkazish masalalarini kelishishdan iboratdir. 
Tashrif davomida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlandi, shuning barobarida N.Normurodova Marmara universitetining Gumanitar va ijtimoiy fanlar fakultetida boʻlib, boʻlim boshliqlari va professor-oʻqituvchilar uchun seminar tashkil etdi. N.Normurodova oʻz ma’ruzasida Oʻzbekistonda davlat tilini rivojlantirish, oʻzbek tilini mamlakat ichkarisida va xorijda keng targʻib qilish boʻyicha davlat miqyosida amalga oshirilayotgan ishlar, turkologiya sohasini rivojlantirish boʻyicha olib borilayotgan faoliyat haqida ma’lumot berdi. Bundan tashqari mamlakatimizda oliy ta’lim tizimini har jihatdan takomillashtirish yoʻnalishida erishilgan natijalar, oldindagi strategik vazifalar haqida batafsil ma’ruza qildi. Bundan tashqari vakilimiz turkiyalik tadqiqotchilar hamda talabalar uchun kognitiv va pragmatik tilshunoslik boʻyicha ilmiy ma’ruzalar oʻqidi.

  

Ushbu ma’ruza mezbonlarda katta qiziqish uygʻotdi. 
Tashrif davomida N.Normurodova Marmara universiteti Ijtimoiy-gumanitar fanlar fakulteti dekani Sebahat Yilmaz, Xalqaro boʻlim boshligʻi Nuri Tinaz bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida ikki universitet oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, kelgusidagi vazifalar muhokama qilindi. Jumladan, ikki universitet tadqiqotchilariga ikki tomonlama ilmiy rahbarlik qilish, hamkorlikda yuksak salohiyatli PhD va DSc mutaxassislar tayyorlashga kelishildi. Suhbat natijalariga koʻra Marmara universiteti bilan hamkorlikda ToshDOʻTAUda “Cultural Diplomacy” toʻgaragini ochishga kelishib olindi. Bu toʻgarakda ikki qardosh xalqning taniqli olimlari, tarixchi va madaniyatshunoslari tomonidan mehmon ma’ruzalari tashkil etib boriladi. Bu esa oʻz navbatida turkiyalik yoshlarga Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan tub yangilanishlar, siyosiy jarayonlar va haqqoniy tarix haqida koʻproq ma’lumot ulashishga xizmat qiladi. Qolaversa, turkiyalik olimlar oʻzbek yoshlariga Turkiya tarixi, madaniyatiga doir mashgʻulotlar olib boradilar. Bu esa oʻz navbatida turkiy xalqlarni yanada yaqinlashtirishga xizmat qiladi. Shuningdek, Marmarada ham biz bilan hamkorlikda Turkiy tillar va lahjalar yoʻnalishi ochilishi kutilmoqda.