
“Ma’rifat darsi”da qadriyatlarga sadoqat mavzusida ma’ruzalar oʻtkazildi
Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida ma’naviyat va ma’rifat targ‘ibotiga qaratilgan navbatdagi “Ma’rifat darsi” tashkil etildi. Ushbu dars filologiya fanlari doktori, professor Islomjon Yoqubov tomonidan olib borildi. Tadbir universitet talabalari, professor-o‘qituvchilari va ilmiy xodimlari ishtirokida o‘tkazildi.
Professor Islomjon Yoqubov o‘z ma’ruzasida ilm-ma’rifatning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni, o‘zbek adabiyotining tarixiy ildizlari va uning bugungi kundagi ahamiyati haqida batafsil so‘z yuritdi. U o‘zbek tili va adabiyotining boy merosi, ulug‘ mutafakkirlarning asarlari hamda ularning yosh avlod tarbiyasidagi ta’siri haqida qiziqarli fikrlar bildirdi. Shuningdek, dars davomida milliy o‘zlikni anglash, tafakkur va ma’naviyatning inson hayotidagi o‘rni keng yoritildi.
Tadbir interaktiv ruhda tashkil etilib, talabalar professorga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Muloqot chog‘ida ma’naviy yetuklikka erishish yo‘llari, yoshlarning ilm-fan sohasidagi intilishlari, shuningdek, kitobxonlik madaniyatini shakllantirish masalalari muhokama qilindi. Islomjon Yoqubov talabalarga ilmiy izlanishlar olib borish, mustaqil fikrlash va adabiy tahlil qilish ko‘nikmalarini rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, bunday “Ma’rifat darslari” universitet talabalari va professor-o‘qituvchilari uchun katta ahamiyat kasb etadi. Ushbu darslar yoshlarning intellektual rivojlanishiga xizmat qilib, ularni ilm-fan va adabiyotga bo‘lgan qiziqishini yanada oshiradi. Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida bu kabi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar muntazam ravishda o‘tkazilib, yoshlarning bilim olishga bo‘lgan intilishlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.