Yangiliklar

img
Tue, 06/17/2025 - 16:01

Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida 2025-yil 22-yanvar kuni oliy ta’lim va ilm-fan sohasida belgilangan ustuvor vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan rahbar xodimlar uchun 24 soatlik qisqa muddatli malaka oshirish kursi tashkil etildi. Ushbu o‘quv kursi barcha oliy ta’lim muassasalarining yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektorlari (yoki direktor o‘rinbosarlari) ishtirokida bo‘lib o‘tdi.
Kurs davomida ishtirokchilarga ma’naviy tarbiya, zamonaviy mafkuraviy jarayonlar, boshqaruv madaniyati, jadidchilik harakati merosi, yoshlar tarbiyasida psixologik yondashuvlar, kitobxonlik madaniyati, ijtimoiy moslashuvga qarshi kurashish, virtual targ‘ibot, milliy qadriyatlar asosida tarbiya masalalari bo‘yicha yetuk mutaxassislar, professor-o‘qituvchilar tomonidan chuqur tahliliy ma’ruzalar o‘qildi. Mashg‘ulotlar interaktiv tarzda tashkil etilib, amaliy va nazariy jihatlar uyg‘unligida olib borildi.
Shuningdek, tinglovchilar Toshkent axborot texnologiyalari universiteti muzeyiga va O‘zbekiston Milliy akademik drama teatriga tashrif buyurib, o‘zlarining madaniy-estetik dunyoqarashini yanada boyitdi.

  

Ushbu malaka oshirish kursi universitetimiz mezbonligida yuqori tashkiliy va ilmiy darajada o‘tkazildi hamda ishtirokchilar uchun ma’naviy-ma’rifiy faoliyatni tashkil etish va takomillashtirishda muhim tajriba maktabiga aylandi. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti bunday dolzarb tashabbuslarni bundan buyon ham doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlab boradi.