Yangiliklar

img
Mon, 12/15/2025 - 20:01

Maktab va OTM hamkorligida mahorat darsi tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-iyundagi “Pedagogik ta’lim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–289-sonli Qaroriga muvofiq, pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalarida kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalarning haftalik o‘quv mashg‘ulotlari “4+2” tartibida tashkil etilmoqda. Ushbu tizim doirasida O‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishi talabalari haftaning ikki kunida umumiy o‘rta ta’lim maktablarida amaliyot o‘tab, nazariy bilimlarini amaliy jarayonda sinovdan o‘tkazmoqda.

Joriy yilning 15-dekabr kuni O‘zbek adabiyoti va uni o‘qitish metodikasi kafedrasi dotsenti Matluba Jabborova tomonidan Yakkasaroy tumani 48-umumta’lim maktabida O‘zbek adabiyoti fanidan “Epik asar tahlili” mavzusida mahorat darsi tashkil etildi.

Mazkur mahorat darsida Talabalar amaliyoti bo‘limi boshlig‘i Shokir Xalilov, bo‘limning bosh mutaxassisi Xayrulla Rajabov, kafedra o‘qituvchilari hamda 401-guruh talabalari ishtirok etdi.

Mashg‘ulot davomida badiiy asar tahliliga xos zamonaviy yondashuvlar, epik asarlarni tahlil etishda o‘qituvchi va o‘quvchi hamkorligini samarali yo‘lga qo‘yish, maktab adabiyot darsliklarida asar tahliliga yo‘naltirilgan yangi qarashlar yuzasidan fikr almashildi. Talabalar o‘quvchilar bilan ishlash jarayonida asar tahliliga oid topshiriqlarni bajarib, matn bilan ishlash ko‘nikmalarini mustahkamlashdi.

Shuningdek, dars jarayonida adabiyot o‘qituvchisining raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektdan foydalanish imkoniyatlari hamda badiiy asar tahlilida tirik muloqot va ijodiy tafakkurning o‘rni muhimligi ta’kidlandi.

OTM professor-o‘qituvchilari tomonidan maktablarda mahorat darslarining tashkil etilishi nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘un holda egallashga xizmat qilishi, bo‘lajak pedagoglarning kasbiy mahoratini oshirish, ilmiy-metodik salohiyatini mustahkamlash va raqobatbardosh kadrlarni tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.