
Mahmudxoʻja Behbudiyning 150 yilligi keng nishonlandi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida buyuk jadid, ulugʻ maʼrifatparvar, adib va jamoat arbobi Mahmudxoʻja Behbudiyning 150 yilligiga bagʻishlangan qator tadbirlar oʻtkazildi. Ushbu maʼrifiy anjumanlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi “Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxoʻja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi PQ-462-sonli Qarori ijrosi doirasida tashkil etildi.
Mazkur tarixiy qaror asosida universitetda Behbudiy hayoti va ijodiy merosini chuqur o‘rganish, uning islohotchi va fidoyi siymosi bilan yoshlarni yaqindan tanishtirish maqsadida adabiy uchrashuvlar, maʼrifiy kechalar va kitobxonlik targʻibotlari oʻtkazildi. Tadbirlar doirasida taniqli olimlar va adiblar Behbudiy ijodining o‘zbek adabiyoti va maʼrifatparvarlik harakatidagi beqiyos o‘rnini yoritib berdilar.
Shuningdek, universitet talabalari tomonidan Behbudiyning publitsistik va badiiy asarlari tahlil qilinib, ularning hozirgi davr yoshlariga ibrat bo‘ladigan jihatlari muhokama etildi. Talabalar tomonidan sahnalashtirilgan badiiy chiqishlar katta qiziqish bilan kutib olindi. Ayniqsa, Behbudiyning asarlari asosida tayyorlangan sahna ko‘rinishlari, uning fikrlari va maqsadlari aks etgan jonli tasvirlar tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.
Tadbir doirasida Behbudiyning murakkab hayot yo‘li va jasoratini aks ettiruvchi hujjatli hamda badiiy filmlar namoyishi ham tashkil etildi. Ushbu filmlar orqali Behbudiy siymosi, uning jadidchilik harakatidagi o‘rni va millat uchun qilgan fidokorona xizmatlari yanada teran yoritildi.
Mahmudxoʻja Behbudiy oʻz umri davomida ilm-maʼrifatni xalq orasida yoyish, o‘zbek tilining ravnaqi, adabiyot va madaniyat rivojiga xizmat qilishdek ezgu maqsad yo‘lida mehnat qildi. Bugungi kunda uning orzu qilgan maʼrifatparvar jamiyatini barpo etish yoʻlida bunday tadbirlarning o‘tkazilishi milliy qadriyatlarimizga bo‘lgan yuksak eʼtiborning yorqin namunasi bo‘lib xizmat qiladi.