Magistrlik dissertatsiyalari himoyasi yakunlandi
Tarjima nazariyasi va amaliyot kafedrasi tomonidan 2025/2026-o'quv yili yakunlari bo'yicha 70230201 – Qiyosiy tilshunoslik, lingvistik tarjimashunoslik (ingliz tili) hamda 70230203 – Badiiy tarjima (ingliz tili) magistratura mutaxassisliklari bitiruvchi kurs magistrantlarining magistrlik dissertatsiyalari himoyalari belgilangan jadval asosida muvaffaqiyatli tashkil etildi.
Magistrantlar dissertatsiyalarining dolzarbligi, ilmiy yangiligi va amaliy ahamiyatini zamonaviy taqdimot vositalari orqali mazmunli yoritib berdilar. Himoya davomida komissiya a'zolari tomonidan berilgan savollarga ilmiy asoslangan javoblar taqdim etildi.
Tadqiqotlarda qiyosiy tilshunoslik, tarjimashunoslik hamda ingliz tili nazariyasi va amaliyotiga oid dolzarb masalalar chuqur tahlil qilingani alohida e'tirof etildi.
Ilmiy rahbarlarning samarali ilmiy-uslubiy faoliyati natijasida magistrantlar dissertatsiyalarni sifatli tayyorlaganliklari va mustaqil ilmiy izlanish olib borish ko'nikmalarini egallaganliklarini namoyon etdilar.
Yakuniy davlat attestatsiyasi komissiyasi har bir magistrantning ilmiy ishi, taqdimoti va himoya jarayonidagi ishtirokini belgilangan mezonlar asosida baholadi. Natijalarga ko'ra, barcha magistrantlar magistrlik dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qilib, "yaxshi" va "a'lo" baholarga sazovor bo'ldilar.

Himoya yakunida komissiya magistrantlarga ilmiy izlanishlarni davom ettirish, tadqiqot natijalarini ilmiy jurnallarda nashr etish hamda ularni amaliyotga keng joriy etish bo'yicha tavsiyalar berdi.

Magistrlik dissertatsiyalari himoyasi yuqori tashkiliy va ilmiy saviyada o'tkazilgani universitetda magistratura ta'limi sifati izchil yuksalib borayotganining yana bir yorqin tasdig'i bo'ldi. Yakuniy davlat attestatsiyasi komissiyasi qaroriga ko'ra, barcha bitiruvchilar magistr akademik darajasini olishga munosib deb topildi.

