Lingvodidaktikaning dolzarb muammolari
Joriy yilning 16-may kuni Ona tili va adabiyot ta’limi fakulteti Ona tili ta’limi kafedrasida “Lingvodidaktikaning dolzarb muammolari” mavzusida respublika ilmiy amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi. Anjumanni Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, pedagogika fanlari doktori, professor O.Jamoliddinova ochib berdi va o‘z nutqida milliy metodikamizning bugungi yutuqlari hamda muammolari haqida gapirdi. Shundan so‘ng “Til ta’limida o‘quvchilarning tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish” mavzusida professor G.Asilova ma’ruza qildi. Bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri – “So‘zni tushunishda til birliklarining shakliy xususiyatlari tahlili” mavzusida I.Azimovaning ma’ruzasi anjuman ishtirokchilarining qizgʻin bahs-munozaralariga sabab boʻldi. Klara Mavlonova navbatdagi ma’ruza navbatini Sh. Yuldashevaga berdi. “O‘zbek tilini o‘qitishda raqamli baholash fondini yaratish masalalari” nomli ma’ruzalari tinglandi va bu talabalarda katta qiziqish uyg‘otdi. Namangan davlat pedagogika instituti O‘zbek va xorijiy tillar kafedrasi mudiri, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori Rayhona Tillayeva “Adabiyot darslarida badiiy asar matnini tahlil qilishda zamonaviy yondashuvlar” mavzusida taqdimot qildi. So‘ngra Sh.Abdiraimov “Ona tili ta’limida baholashning qayta aloqasi (PISA -2022 tadqiqoti asosida)” haqida ma’ruza qildi. Ona tili va adabiyoti ta’limi fakulteti 1-kurs tayanch doktoronati, yangi davr maktab darsliklari muharriri, “Mutolaa” loyihasida elektron kitoblar bo‘limi boshlig‘i, “Ibrat farzandlari” loyihasida savodxonlik darslari ustozi Orifjon Madvaliyev “Adabiy tahrir konsepsiyasi: matnni qayta ishlash mohiyati” mavzusidagi ma’ruzalari bilan ishtirok etdi. Navbatdagi ma’ruza “Assotsiativ lug‘atlarning lingvodidaktikadagi ahamiyati” mavzusida 1-kurs magistranti Dilbar Mirnosirovaning ma’ruzasi tinglandi. “Mezonga asoslangan baholash tizimiga oʻtish: ona tili va adabiyot sohasi tahlili va muammolar yechimi” deb nomlangan ma’ruzasini tinglash uchun “Sodiq school” maktabi ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi, ona tili fanidan yangi o‘quv dasturlari, darsliklar, o‘qituvchi kitoblari muallifi universitetimiz sobiq talabasi Shokir Tursun taklif qilindi.
Anjuman bahs va munozaralarda boy tarzda o‘tdi, ishtirokchilarning fikr va mulohazalari, takliflari tinglandi.
Anjuman yakunida O.Jamoliddinova ma’ruzlarda ko‘tarilgan muammolarning yechimiga qaratilgan amaliy ishlarni yo‘lga qo‘yish, kerakli tashkilotlarga mazkur xulosalar taklifini yetkazishini bildirdi . Shunindek, Ona tili ta’limi kafedrasi mudiri ped.f.d., dots. K.Mavlonova so‘zga chiqib ishitirokchi va tashkilotchilarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi. Konferensiya ishtirokchilari sertifikat bilan taqdirlandilar.