Yangiliklar

img
Fri, 10/03/2025 - 21:09

Koreys tili va madaniyati to'garagi ish boshladi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi hamda Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) tashabbusi bilan “Koreys tili va madaniyati” to‘garagi o‘z faoliyatini boshladi. To‘garak mutlaqo bepul asosda tashkil etilgan bo‘lib, mashg‘ulotlar Tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasining dotsenti Kamola Abdulloyeva hamda KOICA ko‘ngillilari tomonidan olib borilmoqda. Hozirgi kunda to‘garak tarkibida 15 nafar talaba ishtirok etmoqda. Ular universitetimizning turli yo‘nalishlarida tahsil olayotgan bo‘lsalar-da, koreys tili va madaniyatiga bo‘lgan qiziqishlari ularni birlashtirib turibdi.

To‘garakning asosiy maqsadi — talabalarni koreys tili bilan tanishtirish, ularning til ko‘nikmalarini shakllantirish, shuningdek, Koreya madaniyati, an’analari va hayot tarzi haqida kengroq ma’lumot berishdan iboratdir. Mashg‘ulotlar nazariy va amaliy yo‘nalishda olib borilib, ularda koreys tili grammatikasi, so‘z boyligini oshirish mashqlari, og‘zaki nutqni rivojlantirish, o‘qish va yozish ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda tarjima amaliyoti bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Shuningdek, darslar davomida talabalarga koreys madaniyati, urf-odatlari, milliy bayramlari va kino san’ati haqida qiziqarli ma’ruzalar taqdim etiladi, turli interaktiv o‘yinlar va muhokamalar uyushtiriladi.

 

Ushbu to‘garak nafaqat talabalarning xorijiy tilni o‘rganish bo‘yicha qiziqishlarini yanada oshiradi, balki ularni xalqaro madaniy muloqotga tayyorlash, do‘stona aloqalarni mustahkamlash hamda bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish imkoniyatini yaratadi. Shu bois, “Koreys tili va madaniyati” to‘garagi universitetimiz talabalari uchun yangi bilim, tajriba va do‘stlik eshiklarini ochib beruvchi muhim tashabbus sifatida e’tirof etiladi.