Koreyalik koʻngillilar bilan xayrlashuv marosimi boʻlib oʻtdi
Koreyaning KOICA (Koreya xalqaro hamkorlik agentligi) tashkilotidan ToshDO‘TAUga kelgan uch nafar ko‘ngilli 4 oy davomida universitet talabalari uchun koreys tili va koreys madaniyatiga bag‘ishlangan bepul darslar olib bordi. Bu vaqt davomida ular nafaqat til o‘rgatish bilan cheklanmay, Koreyaning tarixi, urf-odatlari, an’analari va zamonaviy hayoti haqida ham keng qamrovli ma’lumotlar ulashib, talabalar uchun chinakam madaniy ko‘prik vazifasini bajardilar. KOICA ko‘ngillilari tashabbusi bilan koreys tili to‘garagi faoliyat yuritib, o‘nlab talabalar muntazam qatnashib kelgan mazmunli mashg‘ulotlarda ishtirok etdi.
Kuni kecha ko‘ngillilar o‘zbek shogirdlari bilan samimiy xayrlashuv darsini o‘tkazishdi. Dars davomida talabalar o‘zlari erishgan natijalar, o‘rgangan yangi bilimlar va taassurotlarini bo‘lishib, ustozlariga minnatdorlik bildirdilar. Mashg‘ulot yakunida talabalar koreys ko‘ngillilariga esdalik sovg‘alari taqdim etishdi. Bu uchrashuv talabalarning ko‘nglida iliq xotiralar qoldirdi va o‘zaro madaniy yaqinlikning yorqin ifodasiga aylandi.
Bugun esa ToshDO‘TAUda koreyalik ko‘ngillilar bilan rasmiy xayrlashuv marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Nozliya Normurodova KOICA dasturining universitet ta’lim jarayonidagi o‘rnini alohida ta’kidladi. U ko‘ngillilarning fidokorona mehnati, talabalar bilan samimiy va professional ishlaganini e’tirof etib, ularning hissasi universitet hayotida yuksak baholanishini aytdi.

Shuningdek, Tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi mudiri Mahmadiyor Asadov ko‘ngillilarning qisqa muddatda katta natijalarga erishganini qayd etdi. KOICA ko‘ngillilariga to‘garaklar davomida yaqindan hamrohlik qilgan kafedra o‘qituvchisi Kamola Abdulloyeva ham o‘z tashakkurini bildirib, talabalar orasida koreys tiliga bo‘lgan qiziqish sezilarli darajada oshganini ta’kidladi.
Tadbirda ToshDO‘TAU Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Ozodaxon Gulyamova ham ishtirok etib, KOICA bilan hamkorlikning universitet uchun muhim strategik ahamiyatga ega ekanini, ushbu loyihaning kelgusida ham izchil davom etishiga umid bildirgan holda o‘z minnatdorchilik so‘zlarini izhor qildilar.

Marosim yakunida KOICA ko‘ngillilariga ToshDO‘TAU rahbariyati tomonidan maxsus sertifikatlar tantanali tarzda topshirildi. Ularning mehnati, samimiyati va yoshlar ta’limiga qo‘shgan hissasi uchun chuqur minnatdorlik bildirildi.

