Yangiliklar

img
Mon, 06/24/2024 - 22:39

Koreya universitetlari bilan keng koʻlamli hamkorlik oʻrnatildi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetining hamkorlari soni kundan kun ortib, chegaralari kengayib bormoqda. Jumladan, joriy yilning 24-iyun kuni universitetimizga Koreya Respublikasining Cha va Hoseo universitetlari delegatsiyasi tashrif buyurdi. Mehmonlar bilan ToshDOʻTAU xalqaro hamkorlik boʻyicha prorektori Nozliya Normurodova suhbatlashdi. Suhbat davomida Hoseo universiteti Ijtimoiy-gumanitar fanlar fakulteti dekani Yu Mi Han ToshDOʻTAU jamoasini “THE Impact Ranking”dagi muvaffaqiyat bilan tabriklab, kelgusida keng koʻlamli hamkorlik oʻrnatish taklifini bildirdi. 
Cha universiteti vakillari psixologiya yoʻnalishida ToshDOʻTAU bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatishga tayyorliklarini bildirdilar. Mazkur universitetda amaliy va nazariy psixologiyaning barcha tarmoqlari boʻyicha katta ilmiy baza va salohiyat mavjud boʻlib, ToshDOʻTAUda ayni yoʻnalishda kadrlar tayyorlash boʻyicha koʻplab loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari mavjudligini ma’lum qildilar.

  

Hoseo universiteti esa pedagogika va metodika sohasida yetakchi OTMlardan biridir. Bu universitet ta’lim-tarbiya yoʻnalishida kompleks faoliyat olib boradi. Bolalar, oʻsmirlar va yoshlar uchun moʻljallangan kitoblar, metodik tavsiyalar, pedagogik vositalar tayyorlash boʻyicha katta tajribaga ega Hoseo universiteti ToshDOʻTAU bilan ayni yoʻnalishda hamkorlik qilishi kutilmoqda. Interaktiv qoʻllanma, darslik va badiiy adabiyotlar zamonaviy texnologilarga asoslangani bilan diqqatga sazovordir. Hoseo universitetining shu boradagi tajribasini oʻrganish yaxshi samara berishi aniq. 
Muzokalar soʻngida har ikki universitet vakillari bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi.