
Komil Xorazmiy ijodining milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyoti rivojida tutgan o‘rni
28-may kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universitetida “Komil Xorazmiy ijodining milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyoti rivojida tutgan o‘rni” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 13-maydagi PF-4797-son “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoni, 2017-yil 12-yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi qarori, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 3-martdagi “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Komil Xorazmiy tavalludining 200 yilligini munosib nishonlash hamda milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyoti va Xorazm adabiy muhitining o‘ziga xos xususiyatlari, ulug‘ shoir lirik merosining janr va mavzu ko‘lami, shoir asarlarining millat estetik tafakkuri takomilida tutgan o‘rni kabi masalalarni tadqiq etish maqsadida 2025-yil 14-may kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti O‘zbek adabiyoti tarixi va matnshunoslik kafedrasi tomonidan “Komil Xorazmiy ijodining milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyoti rivojida tutgan o‘rni” mavzuidagi xalqaro ilmiy-nazariy anjuman o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Ilmiy-nazariy anjumanning maqsadi yangicha ma’rifatparvarlik adabiyotining jadidchilik va jadid adabiyoti shallanishi hamda takomilidagi o‘rni, Komil Xorazmiy ijodiy merosining milliy uyg‘onish estetik tafakkuri rivojiga ta’siri, milliy va va umumbashariy mohiyatini xorijiy hamkorlar ishtirokida adabiyorshunoslikning so‘nggi yutuqlari asosida kompleks tadqiq qilishdan iborat.
Konferensiya jarayonida yechimi kutilayotgan nazariy muammolar va ilmiy vazifalar:
– milliy uyg‘onish davri estetik tafakkurining o‘zbek adabiyoti yangilanishi jarayonida tutgan o‘rnini ilmiy-nazariy asoslash;
- Komil Xorazmiy she’riyatini matnshunoslik va adabiy manbashunoslik aspektida tadqiq etish;
- shoir adabiy merosi va Xorazm adabiy muhiti xususiyatlarini oydinlashtirish;
- Komil Xorazmiy adabiy merosi va nazariy poetika masalalari tendensiyalarini aniqlash;
- milliy uyg‘onish davri adabiyotining badiiy-estetik qonuniyatlarini adabiy ta’sir, adabiyotshunoslik va san’at uzviyligi asosida o‘rganish;
- Komil Xorazmiy ijodi va tilshunoslik masalalari tahlili;
- Komil Xorazmiy asarlarini xorijiy tillarga tarjima qilish,
- ta’lim tizimida Komil Xorazmiy ijodini o‘qitish: uslubiy-metodik masalalarning ilmiy-nazariy asoslarini ishlab chiqishdan iborat.
Konferensiyada muhokama qilingan muammolar.
- Milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyotining badiiy-estetik tafakkur yangilanishida tutgan o‘rni;
- Komil Xorazmiy lirikasining janr xususiyatlari va badiiyati;
- Komil Xorazmiy ijodi va matnshunoslik masalalari;
- Komil Xorazmiy asarlarining o‘rganilishi va adabiy ta’sir muammolari;
- Komil Xorazmiy asarlarinining tishunoslikdagi tadqiqi va xorijiy tillarga tarjima qilish masalalari;
- ta’lim tizimida Komil Xorazmiy ijodini o‘qitish: uslubiy-metodik masalalar.
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti “Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori” N.Normurodova anjumanni ochib berdi.
Shundan so‘ng, Ozarbayjon FA Nizomiy Ganjaviy nomidagi Adabiyot
instituti Ozarbayjon-Eron-Iroq bo‘limi boshlig‘i, filologiya fanlari doktori, professor Elmira FUAD so‘zga chiqib, Komil Xorazmiy hayoti va ijodiga doir qimmatli ma’lumotlarni aytib, Komil Xorazmiyning o‘zbek mumtoz adabiyotida tutgan o‘rnini yuqori baholadi. Bu haqda oʻz taklif va xulosalarini, muammo va kamchiliklarni aytib o‘tdi. Ushbu xalqaro ilmiy-nazariy Ikki millat dahosi ijodini o‘rganishdagi dastlabki qadamlardan ekanligini ta’kidladi.
Urganch davlat universiteti professori, filologiya fanlari doktori Dilshod G‘oyipov ham so‘zga chiqib, anjuman qatnashchilarini shunday yuqori saviyali konfrensiya bilan samimiy qutladi.
Turkiya Respulikasidan tashrif buyurgan siyosatshunos, ijtimoiy fanlar doktori Kemal Yavuz Ataman yuqoridagi fikrlarni qoʻllab quvvatlab, bu borada amalga oshirilgan ishlarni e’tirof etib, Anjuman tashkilotchilarini qutladi.
Shundan so‘ng, yalpi yig‘ilishning asosiy ma’ruzalari tinglandi. Birinchi “O‘zbek adabiyoti tarixi va matnshunoslik” kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor, N.Jabborov so‘zga chiqib, Komil Xorazmiy biografiyasiga oid qimmatli fikrlarni bayon qildi. Shu bilan birga shoir she’rlari har jihatdan yuksak ekanligi haqida ma’ruza qildi.
Shundan keyin, Qarshi davlat universitetidan professor Shahobiddin Nuriddinov “Devoni Komil”ning Turkiya nusxasi to‘g‘risida”, ToshTO‘TAU professori Shermuhammad Amonov “Komil Xorazmiy va Ahmad Tabibiy: an’ana va izdoshlik”, Sohiba Umarova “Komil Xorazmiy va Sa’diy Xorazmiy g‘azallarida mushtaraklik”, Sohiba Madirimova “Avaz O‘tar ijodida Komil Xorazmiyga izdoshlik” nomli ma’ruzalarda yangiliklar haqida ma’lumotlar berildi.
Anjumanning sho‘ba yig‘ilishi ham koʻplab xorijiy va Respublika mutaxassislarining Komil Xorazmiy ijodidagi mushtarakliklarga bagʻishlangan ma’ruzalari bilan yuqori saviyada tashkil etildi. Anjuman yakunida mavjud hamkorliklar natijalarini muhokama qilish, yangi hamkorliklar o‘rnatish, yangi loyihalarni rejalashtirish, ularni amalga oshirish, Komil Xorazmiy ijodini xorijda o‘rganilishi yuzasidan ilmiy tadqiqotlar olib borish yo‘nalishlarini belgilab olish kabilar kelishib olindi.