Yangiliklar

img
Wed, 06/18/2025 - 19:55

“Kino kechasi” tashkil etildi

“Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida haftalik grafik-reja asosida tashkil etilgan “Kino kechasi” tadbirlarining navbatdagi soni Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti ichki hovlisida bo‘lib o‘tdi. Tadbir doirasida yurtimizda so‘nggi yillarda katta e’tirofga sazovor bo‘lgan yangi “Adolat” filmi namoyish etildi.

Mazkur ma’naviy-ma’rifiy va madaniy tadbir talaba-yoshlar tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olindi. Film namoyishi davomida ular o‘z xizmatiga sadoqat, yuksak professionallik, inson taqdiriga jonkuyarlik bilan yondashuvchi huquq-tartibot xodimlarining fidokorona hayoti bilan yaqindan tanishdilar.

Talaba-yoshlar filmda ko‘tarilgan yuksak vatanparvarlik g‘oyalari, jamiyat va yurt oldidagi mas’uliyat, yosh avlodning ogohlik va hushyorlik bilan yashashi zarurligi g‘oyalari ularda chuqur taassurot qoldirganini bildirdilar.

“Kino kechasi” tadbirining asosiy maqsadi — yoshlarning ma’naviy dunyosini boyitish, ularda ona yurtga sadoqat, burch va mas’uliyat hissini kuchaytirishdan iborat bo‘lib, “Adolat” filmi bu borada yuksak badiiy va tarbiyaviy ahamiyatga ega asar sifatida ishtirokchilardan iliq fikr va e’tiroflarga sazovor bo‘ldi.