
Kibersport musobaqasi oʻtkazildi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida talabalar kibersport chempionatining universitet bosqichi bo‘lib o‘tdi.
2025-yil 11-iyundagi universitet rektorining 01-168-sonli buyrug‘i hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2025-yil 5-iyundagi 3/15-2025-sonli topshiriq xatiga muvofiq, joriy yilning 12-iyun kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida “Talabalar kibersport o‘yinlari – 2025” chempionatining universitet bosqichi o‘tkazildi.
Musobaqa “Dota 2”, “CS2”, “FC25” va “Just Dance” (fijital raqs) yo‘nalishlari bo‘yicha tashkil etilib, unda jami 30 nafar talaba ishtirok etdi. Qizg‘in bahslar va strategik qarorlar bilan boyitilgan ushbu kibersport musobaqasida ishtirokchilar yuqori darajadagi mahorat va jamoaviylikni namoyon etdilar.
Yakunda Kompyuter lingvistikasi yo‘nalishining 4-kurs talabalari g‘olib deb topildi. Kamoliddin Qodirov birinchi o‘rinni, Bekzod Odilov ikkinchi o‘rinni, Rahmatjon Nigmatov esa uchinchi o‘rinni egalladi. Ular keyingi bosqichda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdilar.
Mazkur chempionat nafaqat raqamli savodxonlik va texnologik ko‘nikmalarni rivojlantirish, balki talabalar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini yaratishda ham muhim ahamiyat kasb etdi.