
Katta avlod tajribasi – yoshlar uchun ibrat
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti Ijtimoiy ish yoʻnalishi talabalari Yakkasaroy tumanida joylashgan “Nuroniylar” jamg‘armasida bo‘lishdi. Tadbirning asosiy maqsadi katta avlod vakillari bilan muloqot qilish, ularning hayotiy tajribasidan foydalanish va yoshlar orasida ma’naviy-axloqiy barqarorlikni mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Uchrashuv davomida yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, fuqarolarning huquq va manfaatlarini ta’minlash yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar, ijtimoiy himoya choralari hamda katta avlodga ko‘rsatilayotgan e’tibor haqida atroflicha fikr almashildi. Talabalar jamg‘arma faoliyati va nuroniylarga qaratilgan dasturlar haqida batafsil ma’lumot oldilar.
“Nuroniylar” jamg‘armasi raisi T. Sayfullaev o‘z chiqishida katta avlodga hurmatni mustahkamlashning muhimligini, ma’naviy tarbiya jarayonida nuroniylar tajribasidan unumli foydalanish zarurligini ta’kidladi. U yoshlarga qadriyatlarni asrab-avaylash, oilaviy va jamoaviy mas’uliyatni chuqur anglash bo‘yicha maslahatlar berdi.
Tadbirda Abdulla Qahhor mahallasi raisi F. Aripova va Meros mahallasi raisi T. Abdurasulov ham so‘zga chiqdi. Ular mamlakatimizda katta avlod vakillariga yaratilayotgan sharoitlar haqida so‘zlab, yoshlarni nuroniylardan ibrat olishga va ma’naviy merosga e’tiborli bo‘lishga chorladilar.
Samimiy suhbat va savol-javoblar tarzida o‘tgan uchrashuv talabalarda katta taassurot qoldirdi. Ular nuroniylarning hayotiy hikmatlari va maslahatlaridan ilhomlanib, o‘zlarida vatanparvarlik, mehr-oqibat va yoshi ulug‘larga hurmat tuyg‘ularini yanada mustahkamlashdi.