Yangiliklar

img
Wed, 05/07/2025 - 17:51

Kasbiy va fan to‘garaklari faoliyatidan

2025-yil 7-may kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida qator kasbiy va ijodiy to‘garaklarning navbatdagi mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi. Ushbu to‘garaklar talabalarning nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlash, ularning ijtimoiy faolligi, ijodiy qobiliyati va kasbiy tayyorgarligini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Mazkur kun davomida quyidagi to‘garaklar faoliyat olib bordi:
 “Future Leaders” ingliz tili to‘garagi – Tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu yangi to‘garak zamonaviy global talablarga mos ravishda, talabalar til kompetensiyalarini, ijtimoiy faolligini va yetakchilik ko‘nikmalarini rivojlantirishni maqsad qilgan. Mashg‘ulotlar sof ingliz tilida olib borildi va B2 darajasidagi faol talabalarni birlashtirdi. Darslar PhD, katta o‘qituvchi K. Abdulloyeva tomonidan interaktiv metodlar asosida olib borildi.
 “Sehrli ovoz” ijodiy to‘garagi – musiqiy ijodga qiziqqan talabalar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, vokal mahorati, sahna madaniyati, ovoz bilan ishlash uslublari kabi jihatlar chuqur o‘rganildi. Talabalar ijrochilik mahoratini oshirish bilan birga, jamoaviy ijodiy faoliyatda ham faol ishtirok etdilar.
 "Nafis fazilat" to‘garagi – bu to‘garak talabalarda estetik did, axloqiy fazilatlar, ma’naviy dunyoqarash va nutq madaniyatini shakllantirishga xizmat qilmoqda. Mashg‘ulotlar davomida talabalarning shaxsiy kamoloti, ijtimoiy ong va axloqiy qadriyatlarga e’tibori kuchaytirildi.
 “Chevar qizlar” to‘garagi – milliy hunarmandchilik va tikuvchilikka ixtisoslashgan ushbu to‘garakda talabalar matolar bilan ishlash, naqshli bezaklar tikish, dizayn yaratish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni egallashdi. Talabalar o‘z qo‘llari bilan tayyorlagan ishlanmalarni taqdim etdilar.
 “Pazandachilik” to‘garagi – milliy va jahon oshxonasiga oid turli taomlarni tayyorlash texnikasi, mahsulotlar tanlash, gigiyena qoidalari va ovqat bezatish uslublari o‘rgatildi. Talabalar mashg‘ulotlarda faol ishtirok etib, mustaqil ishlarini namoyish etdilar.
 “Ijodkor yoshlar” klubi – adabiyotga qiziqqan talabalarni birlashtirgan bu klubda she’riyat, nasr, publitsistik maqolalar yozish, sahna ko‘rinishlarini yaratish, adabiy tanqid va muhokamalar orqali ijodiy mahorat oshirildi. Ishtirokchilar o‘z ijodiy ishlari bilan o‘rtoqlashib, fikr almashish orqali o‘zlarini yanada rivojlantirdilar.
Mazkur to‘garaklar universitetda talabalarning ijodiy va kasbiy salohiyatini kengaytirish, ularni ijtimoiy hayotga faol jalb qilish, o‘z qiziqishlarini ro‘yobga chiqarish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qilmoqda.