
Kafedralar faoliyati tanqidiy tahlil qilindi
2025-yil 20–25-iyun kunlari Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida kafedralar kesimida yil yakuniga oid taqdimot-hisobotlar bo‘lib o‘tdi. Har bir kafedra o‘zining o‘quv, ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy hamda investitsion-xo‘jalik faoliyati bo‘yicha amalga oshirgan ishlari yuzasidan keng qamrovli taqdimot bilan ishtirok etdi. Ushbu hisobotlar rektor boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan bevosita joyiga chiqqan holda ko‘rib chiqildi va kafedralar faoliyati har tomonlama tanqidiy tahlil qilindi.
Taqdimotlar davomida KPI ko‘rsatkichlari asosida kafedralarning o‘quv yuklamalarining bajarilishi, raqamli ta’lim resurslaridan foydalanish, akademik mobillikdagi ishtiroki, ilmiy maqolalar va monografiyalar nashri, xalqaro va milliy grantlar, ilmiy darajalar himoyasi, shuningdek, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, talabalar bilan ishlash tizimi, ijtimoiy hamkorlik va homiylik aloqalari, pullik xizmatlar orqali byudjetdan tashqari mablag‘lar jalb etish holatlari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Ayniqsa, ilmiy faoliyat samaradorligini oshirish masalasi keng muhokama qilinib, bu boradagi yondashuvlarni takomillashtirish zarurligi ta’kidlandi. Xususan, SCOPUS, Web of Science kabi xalqaro ilmiy bazalarda chop etiladigan maqolalar sonini ko‘paytirish, kafedra a’zolarining ilmiy loyihalarda ishtirokini faollashtirish, grantlar jalb qilish ko‘lamini kengaytirish hamda yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq choralar belgilab olindi. Ilmiy nashrlar sifati va akademik yozuv madaniyatini oshirish masalasi ham alohida e’tiborda bo‘ldi.
Shuningdek, professor-o‘qituvchilarning xorijiy tillarni egallash darajasi va bu boradagi til sertifikatlarining mavjudligi yoki yo‘qligi tahlil qilindi. Mazkur yo‘nalishda kafedralar kesimida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar, xususan, til o‘rganish kurslariga jalb etish, ichki rag‘batlantirish mexanizmlari va xalqaro imtihonlarga tayyorlash bo‘yicha tashkiliy rejalar ham taqdim etildi.
Kafedralarning o‘quv adabiyotlarini yaratish va nashr ettirish bo‘yicha rejalari alohida e’tiborda bo‘ldi. Jumladan, darsliklar, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar va metodik tavsiyalarni tayyorlash holati, ular ustida olib borilgan ishlar, nashr qilingan materiallar va ularning ta’lim jarayoniga integratsiyasi bo‘yicha aniq ma’lumotlar taqdim etildi.
Shuningdek, kafedralarda o‘qitiladigan fanlar bo‘yicha o‘quv-metodik ta’minotga doir ishlar, mavjud dasturlar, elektron resurslar, HEMIS va Moodle platformalarida shakllantirilgan kontentlarning sifati, ularning yangilanish holati va talabalarning undan foydalanish samaradorligi bo‘yicha tahliliy ma’lumotlar berildi.
Taqdimot jarayonida barcha ko‘rsatkichlar asoslovchi hujjatlar — sertifikatlar, ilmiy maqolalar nusxalari, nashr hujjatlari, shartnomalar, dars jadvallari, test banklari va elektron platformalardagi isbotli materiallar orqali asoslandi. Hisobotlar ochiq shaklda o‘tkazildi va barcha kafedra a’zolari faol ishtirok etdi.
Universitet rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov taqdimotlarni yakunlar ekan, universitet erishgan yutuqlar haqida shunday dedi:
“Biz joriy yilda jahon reytingida 200+ natijani qayd etdik, ta’lim sifati va gender tengligini ta’minlash bo‘yicha 20+ ko‘rsatkichga ega bo‘ldik. Bu biz uchun mas’uliyat demakdir, endi bu natijani yanada yaxshilash uchun o‘n karra ko‘proq harakat qilishimiz shart.”
Mazkur jarayon universitetda shaffoflik, samaradorlik va hisobotdorlik tamoyillarini mustahkamlash, kafedralar faoliyatini tizimli tahlil qilish hamda istiqboldagi rejalarni aniq belgilashga xizmat qildi. Universitet rahbariyati barcha kafedra jamoalariga mas’uliyatli yondashuvi va faol ishtiroki uchun chuqur minnatdorlik bildiradi.