
Ka-Foskari universiteti bilan hamkorlik: yangi tashabbuslar, loyihalar va natijalar
Erasmus+ dasturi doirasida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida bo‘lib turgan Italiya Respublikasining nufuzli Ka-Foskari universiteti professori, taniqli turkolog olima Elizabetta Raganin 2025-yil 16-iyul kuni universitet rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov hamda ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor, professor Nozliya Normurodova bilan uchrashdi.
Suhbat davomida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikning yangi bosqichiga oid qator dolzarb masalalar muhokama qilindi. Jumladan, Ka-Foskari universitetida ilgari tashkil etilgan “O‘zbekiston burchagi” tajribasi asosida ToshDO‘TAUda “Italiya burchagi” ochish tashabbusi ilgari surildi. Tomonlar bu tashabbus madaniy va ilmiy aloqalarni mustahkamlashda muhim vosita bo‘lishini ta’kidladilar.
Shuningdek, har yili kamida bir marta — bir oy yoki uch oy muddatga o‘zbek tili darslarini Ka-Foskari universitetida tashkil etish va bu darslarni olib borish uchun ToshDO‘TAUdan malakali o‘qituvchilar yuborish masalasi muhokama markazida bo‘ldi. Bu tashabbus orqali o‘zbek tili va madaniyatini Yevropada keng targ‘ib qilish imkoniyatlari ochilishi qayd etildi.
Uchrashuvda yana bir muhim tashabbus “Marko Polo va O‘zbekiston: Asrlar bo‘yi madaniy muloqot” nomli kitobning joriy yil kuzida Toshkentda taqdimotini o‘tkazish masalasi muhokama qilindi. Mazkur asar mashhur italyan sayyohi Marko Poloning “Il Milione” asarining Jovanni Battista Ramuziyo versiyasi asosida ilk bor zamonaviy o‘zbek tiliga tarjima qilingan. Tarjima jarayoni Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda Venetsiyaning Ka-Foskari universiteti ilmiy hamkorligida amalga oshirilgan bo‘lib, loyiha ustida professor Elizabetta Raganini, prorektor Nozliya Normurodova va yosh tadqiqotchilar jamoasi ishlagan. Ushbu nashr ikki xalq o‘rtasidagi tarixiy-madaniy aloqalarni mustahkamlashda va o‘zbek tilining xalqaro maydondagi mavqeini oshirishda muhim rol o‘ynaydi.
Professor Elizabet Raganin universitetdagi ilmiy muhitdan mamnunligini bildirib, o‘zbek tilini o‘rganishga katta qiziqish bildirayotganini ta’kidladi. Uchrashuv yakunida tomonlar kelgusida hamkorlikda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ilmiy va madaniy loyihalar yuzasidan kelishuvlarga erishdilar.