Joylarda ötkazilgan Özbek tili bayrami tadbirlarida ToşDÖTAU olimlari faol iştirok etişdi
21-oktabr – Özbek tili bayrami kuni hamda özbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 37 yilligi munosabati bilan mamlakatimizning turli taşkilot va muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, öquv seminarlari taşkil etildi. Ularda Alişer Navoiy nomidagi Toşkent davlat özbek tili va adabiyoti universiteti professor-öqituvçilari hamda doktorantlari faol iştirok etib, ona tilimizning nufuzini yuksaltiriş, til madaniyati va savodxonlikni rivojlantirişga oid dolzarb masalalar yuzasidan ma’ruzalar qildilar.
Jumladan, Toşkent şahridagi Turin politexnika universiteti akademik litseyida universitet Özbek tilşunosligi kafedrasi professori, filologiya fanlari doktori Manzura Abjalova iştirokida “Davlat tilini öqitiş: sifat va samaradorlik” mavzusida öquv seminari ötkazildi. Unda davlat tilidan rasmiy va kundalik muloqotda töğri foydalaniş, yozma nutq madaniyatini rivojlantiriş, iş hujjatlarini davlat tili me’yorlari asosida tuziş hamda matnlardagi uslubiy va grammatik xatolarni bartaraf etiş masalalari muhokama qilindi.
Seminarda özbek tilining elektron luğatlari va Özbek tili multikorpusi (uzcorpora.uz) imkoniyatlari ham taniştirildi. Raqamli lingvistik manbalardan sözlarning ma’nosi, qöllaniş örni va uslubiy xususiyatlarini aniqlaşda foydalanişning afzalliklari amaliy misollar asosida tuşuntirildi. Maşğulot yoşlarning tilga oid bilimlarini mustahkamlaş, nutqiy savodxonligi va raqamli lingvistik madaniyatini rivojlantirişga xizmat qildi.
Özbekiston Respublikasi Din işlari böyiça qömitasida esa “Ona tilim – ğururim, faxrim” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir taşkil etildi. Unda universitet vakili, filologiya fanlari nomzodi, dotsent A. Tilavov ona tilimizning boy imkoniyatlari, özbek adabiyotining bebaho merosi hamda til madaniyatini rivojlantirişning dolzarb jihatlari haqida ma’ruza qildi. Universitet talabalari tomonidan özbek tiliga bağişlangan şe’rlar öqildi.

Tadbirda ona tilining milliy özligimiz, tarixiy xotiramiz va ma’naviy merosimizni asraşdagi örni, davlat tilining nufuzini oşiriş hamda xodimlarning savodxonligini yuksaltiriş masalalariga e’tibor qaratildi. Şuningdek, kitobxonlikni rivojlantiriş va davlat tilida savodxonlikni oşirişga qaratilgan tanlov hamda loyihalarda faol qatnaşgan xodimlarni taqdirlaş marosimi ötkazildi.
Respublika aerogeodeziya markazida “Qadring baland bölsin, ona tilim!” şiori ostida taşkil etilgan tadbirda universitet Özbek tilşunosligi kafedrasi doktorantlari N. Arolova va Z. Abruyeva ma’ruzalar bilan iştirok etdilar. Ular özbek tilining tarixiy taraqqiyoti, davlat tili sifatidagi ahamiyati, bugungi nufuzi va rivojlaniş istiqbollari haqida fikr bildirdilar.
Şuningdek, özbek tilining boy luğat tarkibi va keng ifoda imkoniyatlari, uni ilm-fan, ta’lim, işlab çiqariş hamda rasmiy iş yuritiş sohalarida töğri va samarali qöllaşning ahamiyati ta’kidlandi. Ona tilimizni asrab-avaylaş, uning sofligini saqlaş va kelajak avlodlarga munosib yetkaziş har birimizning burçimiz ekani qayd etildi.

Universitet olimlari va yoş tadqiqotçilarining mazkur tadbirlardagi iştiroki özbek tilining davlat tili sifatidagi mavqeyini mustahkamlaş, tilga hurmat va ehtiromni kuçaytiriş, aholining nutqiy savodxonligini oşiriş hamda milliy tilimizning imkoniyatlarini keng tarğib etişga xizmat qilmoqda.
Alişer Navoiy nomidagi Toşkent davlat özbek tili va adabiyoti universiteti jamoasi bundan buyon ham özbek tilining nufuzini yuksaltiriş, uning ilm-fan va zamonaviy texnologiyalar sohasidagi imkoniyatlarini kengaytiriş hamda davlat tilining jamiyat hayotidagi örnini mustahkamlaşga qaratilgan ma’rifiy taşabbuslarda faol iştirok etişda davom etadi.

