Yangiliklar

img
Fri, 10/09/2026 - 19:44

“Jonajon o‘zbek tilim” tanlovining taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi

2026-yil 9-oktabr kuni Adiblar xiyoboni hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalari rahbarlarining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar) hokimlarining ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchilari ishtirokida seminar hamda “Jonajon o‘zbek tilim” tanlovining taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchilari, jamoatchilik vakillari, olimlar va mutaxassislar qatnashdi.

Uning asosiy maqsadi o‘zbek tilining mamlakatimiz ijtimoiy hayotidagi va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yanada oshirish, davlat tilini to‘laqonli joriy etish borasidagi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash hamda bu yo‘nalishdagi samarali faoliyatni rag‘batlantirishdan iborat bo‘ldi.

Tadbir ishtirokchilari dastlab Adiblar xiyobonida bo‘lib, buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy haykali poyiga gul qo‘ydi.

Tadbirning seminar qismida davlat tilini rivojlantirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammo va kamchiliklar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan fikr almashildi.

Seminarni Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi direktori Inomjon Azimov moderator sifatida olib bordi.

Davlat tilini rivojlantirish departamenti rahbari Nodirjon Xolbo‘tayev tomonidan Davlat tilini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarni amalga oshirish yuzasidan maslahatchilar oldida turgan dolzarb masalalar, muammolar va kamchiliklar haqida ma’ruza qilindi.

Ma’ruzada davlat tilini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligini oshirish, maslahatchilar faoliyatini yanada takomillashtirish va amaliy natijadorlikni ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti professori, filologiya fanlari doktori Nizomiddin Mahmudov “Til – millat ruhi” mavzusida ma’ruza qildi.

Ma’ruzada tilning milliy o‘zlikni anglash, ma’naviy qadriyatlarni asrab-avaylash va jamiyat taraqqiyotidagi muhim o‘rni haqida fikr yuritildi.

Seminarda Inomjon Azimov tomonidan “Davlat tilini o‘qitish: sifat va samaradorlik” mavzusida ma’ruza qilindi.

Tadbir doirasida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan nashr etilgan “O‘zbek tili omonimlari lug‘ati” kitobining taqdimoti ham o‘tkazildi.

Taqdimotda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti O‘zbek tilshunosligi kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Zulxumor Xolmonova lug‘atning o‘zbek tilining lug‘aviy boyligini o‘rganish, tilimizning imkoniyatlarini keng targ‘ib etish va undan samarali foydalanishdagi ahamiyati haqida ma’lumot berdi.

Tadbirning asosiy qismlaridan biri “Jonajon o‘zbek tilim” tanlovining g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘ldi.

Tanlov o‘zbek tilining nufuzini oshirish, davlat tiliga bo‘lgan e’tibor va hurmatni kuchaytirish, o‘zbek tilini rivojlantirish va targ‘ib etishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ushbu yo‘nalishda faoliyat olib borayotgan tashabbuskorlarni rag‘batlantirishga xizmat qildi.

Taqdirlash marosimida “Jonajon o‘zbek tilim” tanlovining g‘olib va sovrindorlariga diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

“Jonajon o‘zbek tilim” tanlovi hamda mazkur seminar davlat tilini rivojlantirish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, mavjud muammolarni muhokama qilish va o‘zbek tilining nufuzini yanada yuksaltirishga xizmat qilgan muhim tadbirlardan biri bo‘ldi.