Yangiliklar

img
Sat, 09/12/2026 - 10:11

Jahon adabiyoti kafedrasida davra suhbati

Magistratura bosqichiga yangi qabul qilingan talabalar bilan Jahon adabiyoti kafedrasi professor-o‘qituvchilari ishtirokida o‘quv va ilmiy-tadqiqot faoliyatiga oid masalalar yuzasidan davra suhbati tashkil etildi. Davra suhbatini Jahon adabiyoti kafedrasi mudiri, professor Uzoq Jo‘raqulov olib bordi.

Uchrashuv davomida magistrlar bilan samimiy muloqot o‘rnatilib, ularning jahon adabiyoti va adabiyotshunoslikka bo‘lgan qiziqishlari, ilmiy izlanishlari hamda kelgusidagi rejalari yuzasidan fikr almashildi.

Davra suhbatida magistrlarga magistratura bosqichida ta’lim olishning o‘ziga xos jihatlari, mustaqil ta’lim va ilmiy-tadqiqot faoliyatini samarali tashkil etish, jahon adabiyoti namunalari hamda ilmiy manbalarni chuqur o‘rganish, badiiy asarlarni ilmiy-nazariy va qiyosiy jihatdan tahlil qilish, tadqiqot mavzusini to‘g‘ri shakllantirish va ilmiy izlanishlarni izchil olib borish yuzasidan tavsiyalar berildi.

Shuningdek, magistrlarning adabiy-estetik tafakkurini rivojlantirish, ilmiy salohiyatini oshirish, tadqiqotchilik ko‘nikmalarini shakllantirish, zamonaviy adabiyotshunoslik metodlaridan foydalanish, turli xalqlar adabiyoti o‘rtasidagi mushtarak va o‘ziga xos jihatlarni qiyosiy o‘rganish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

 

Suhbat davomida magistrlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, o‘quv jarayoni, ilmiy-tadqiqot faoliyati, ilmiy maqola tayyorlash hamda magistrlik dissertatsiyasi ustida ishlash bo‘yicha zarur tavsiyalar oldilar.

 

Davra suhbati yakunida magistrlarga kafedra professor-o‘qituvchilari bilan faol hamkorlik qilish, jahon adabiyoti va adabiyotshunoslikka oid manbalarni muntazam o‘rganish, mustaqil ilmiy izlanish olib borish, o‘z ustida muntazam ishlash hamda magistratura bosqichida yuqori natijalarga erishish yuzasidan tavsiyalar berildi.