
Italyan tilida nashr etilgan "Boburnoma" kitobining taqdimoti o'tkazildi
Bu yil nafaqat O‘zbekistonda, balki dunyoning ko‘plab mamlakatlarida Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligi keng nishonlanmoqda.
Bobur ijodining durdonasi, hech shubhasiz, “Boburnoma” tarixiy-biografik asaridir. G‘oyat muhim va ko‘p qirrali ma’lumotlar asosida mohirona tartib berilgan ushbu xotira kitobini mazmun jihatidan beqiyos hayotiy ensiklopediyaga qiyoslash mumkin. “Boburnoma” o‘zida xalqimizning azaliy qadriyatlari, intellektual va ma’naviy olami xazinalarini bamisoli ko‘zgu misoli aks ettiradi. Shu kungacha ushbu asar dunyoning o‘ttizga yaqin tiliga tarjima qilingan. Bugun bu nashrlar qatoriga italyan tilidagi mukammal tarjima ham qo‘shildi.
Ushbu nashr o‘zbek va italyan xalqlari o‘rtasidagi adabiy va madaniy-gumanitar hamkorlik aloqalarining samarali va yorqin namunasi sifatida dunyoga keldi. Italiyaning tarixiy ilmiy-ommabop adabiyotlarga ixtisoslashgan yetakchi nashriyotlaridan biri “Sandro Teti Editore” nashriyot uyida yuqori poligrafik sifatda chop etildi.
2023-yilning 8-iyul kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida italyan tilida nashr etilgan “Boburnoma” asarining o‘zbek kitobxonlari uchun taqdimoti o‘tkazildi. Marosimda adabiyotshunoslar, taniqli ziyolilar, adiblar, madaniyat xodimlari, yoshlar, bir so‘z bilan aytganda, adabiyot ixlosmandlari, shuningdek, italiyalik noshir Sandro Teti, kitob dizayneri Laure Peretti ishtirok etdi.
“Boburnoma” italyan tiliga Uiler M.Tekston tarjimasi asosida o‘girilgan.Tadbirda so‘z olganlar Tekston tarjimasi boshqa inglizcha tarjimalarga qaraganda shoir uslubi va g‘oyasini ko‘proq saqlanganligi, avvalgi tarjimalardagi kamchiliklar tuzatilganligi va ma’lumotlarining to‘liq berilganligini e’tirof etdilar.
Asarni italyan tilida nashr etish jarayonlariga “Sandro Teti Editore” nashriyoti rahbari Sandro Teti boshchiligidagi malakali tarjimonlar, muharrirlar va dizaynerlarning katta guruhi jalb etilgan. Kitobni tayyorlashda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, professor Shuhrat Sirojiddinov va italiyalik taniqli turkolog, professor Federiko De Rensi ilmiy va adabiy muharrirlar sifatida ishtirok etgan. “Boburnoma” asari prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning so‘zboshisi hamda atoqli italyan olimi va adibi Franko Kardini tomonidan yozilgan kirish so‘zi bilan boshlanadi. Ushbu kirish so’zida Franko Kardini ta’kidlaganidek, Bobur va Boburiylar, umuman, Sharqda rivojlangan davlatlarning tarixiga oid yuz yillardan beri shakllangan yanglish tasavvurlarni o’zgartirish shart va bunda, shubhasiz, “Boburnoma” singari muhtasham tarixiy asarlarni keng tadqiq qilish zarur sanaladi.
Biz buyuk tariximiz, ajdodlarimiz, adabiyotimiz bilan har qancha faxrlansak arziydi, ularni jahon bo‘ylab keng targ‘ib etish esa dolzarb vazifalardan sanaladi. “Boburnoma”ning turli tillarga tarjima qilinishi, uning jozibasidan ko‘proq odamning bahramand bo‘lishiga zamin yaratadi.