Yangiliklar

img
Fri, 12/16/2022 - 11:12

Ismlarimiz — milliy boyligimiz

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti o‘zbek tili, adabiyoti, tarjimasi sohasi bo‘yicha malakali mutaxassislar tayyorlash bilan bir qatorda, davlat tilining nufuzi mavqeyini oshirish bo‘yicha ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.  Jumladan, universitet olimlari tomonidan “O‘zbek ismlarining izohli imlo lug‘ati va mobil ilovasini yaratish” loyihasi ustida ish olib borilmoqda.  
Bugungi globallashuv sharoiti millatning eng muhim qadriyatlaridan biri bo‘lmish kishi ismlarini millat tili lug‘at fondi, milliy va diniy qadriyatlar asosida va ularga mos tarzda muntazam boyitib borilishini taqozo qiladi. Bu boradagi e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan masalalardan yana biri bu tilning an’anaviy antroponimiya fondini asrash, uning kamayishiga qarshi kurashish masalasidir. 
Loyihani amalga oshirish orqali FHDY bo‘limlarida, shuningdek, fuqarolik pasportlarini rasmiylashtirish jarayonida o‘zbek ismlarining lotin hamda kirill alifbosidagi imlosi, ismlar ma’nosi izohi, shuningdek, pasport tizimida ularning ingliz tilidagi variantining to‘g‘ri yozilish holatlaridagi bir qator muammolarga yechim bo‘ladi. Leksikografiya sohasida yangilik sifatida qaralayotgan lug‘atlarning mobil ilovalarini yaratish ismlarni tilimiz qonuniyatlari va me’yorlariga mos to‘g‘ri rasmiylashtirish jarayonida soha mutaxassislari tomonidan  unumli foydalanishlari uchun zamin yaratadi. Lug‘atning zamonaviy elektron shakllarini yaratish kelgusida uni muntazam boyitib borish imkonini beradi va ulardan istalgan paytda foydalanish uchun qulaydir. 


Bugun Adliya vazirligida vazir maslahatchisi Sh. Soatova bilan hamkorlikda universitet dotsenti, “O‘zbek ismlarining izohli imlo lug‘ati va mobil ilovasini yaratish” loyihasi  rahbari M.Saparniyazova  respublikamizdagi barcha FHDY bo‘limlari vakillari uchun vebinar tashkil qilishdi.  “O‘zbek ismlarining izohli imlo lug‘atini yaratish hamda uni FHDY elektron tizimiga integratsiya qilishga doir muhim masalalar” mavzusidagi mazkur vebinarda sohadagi nazariy va amaliy masalalar qizg‘in muhokama qilindi.  


Vebinarda Xalqaro Islom akademiyasi prorektori, prof.Z.Islomov ham ishtirok etib, diniy va arabiy ismlar ma'nosi, imlosiga doir qiziqarli masalalar xususida to'xtaldi. 
Xususan,  millatning o‘ziga xosligini ifodalovchi muhim belgi,  shubhasiz, ismlar ekanligi alohida qayd etildi.  Masalan,  qozoq, turk, turkman sizgari qardoshlarimizni ismlaridan qaysi millat vakili ekanligini anglash mumkin,  ammo o‘zbek ismlarida bunday xususiyat tobora kamayib va yo‘qolib bormoqda.  Millat sifatida bu yo‘qotishlar bizga qimmatga tushishi mumkinligi alo unutmasligimiz kerak.