
Inson huquqlari va xavfsizligi yo‘lida
Odam savdosiga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha hududiy komissiya chora-tadbirlar rejasi doirasida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida navbatdagi profilaktik tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda universitet Yoshlar bilan ishlash va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor G.Jurayeva, universitet profilaktika inspektori J.Xaydarova, Ma’naviyat bo‘limi boshlig‘i S.Eshbo‘riyev hamda 1-kurs talabalari ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar odam savdosi bugungi kunda jamiyatimizdagi eng og‘ir jinoyatlardan biri ekanligini, bu nafaqat qonunbuzarlik, balki insoniyatga qarshi jinoyat ekanini ta’kidlashdi. Har yili millionlab odamlar, ayniqsa ayollar va bolalar, zo‘ravonlik, ekspluatatsiya va turli qullik shakllariga duchor bo‘layotgani misollar asosida yoritildi. Ta’kidlandiki, bilimli va faolligi bilan ajralib turadigan yoshlar ushbu kurashda muhim o‘rin egallaydi.
Tadbir davomida talabalarga odam savdosining mazmun-mohiyati, uning keng tarqalgan shakllari va mavjud statistik ma’lumotlar asosida batafsil tushuntirildi. Shuningdek, yoshlar ijtimoiy tarmoqlar orqali bu borada xabardorlikni oshirish, ma’lumotlar tarqatish, volontyorlik asosida inson huquqlari tashkilotlari bilan hamkorlik qilish imkoniyatlari borligi haqida tavsiyalar berildi.
Shubhali holatlarda esa darhol 102 raqamiga murojaat qilish zarurligi eslatib o‘tildi. Tadbir yakunida talabalarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi.