Inson – eng buyuk mavzu
2025-yilning 12-dekabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti qoshidagi Qirg‘iz tili va madaniyati markazi hamda O‘sh davlat universiteti huzuridagi O‘zbek tili va madaniyati markazi hamkorligida buyuk yozuvchi va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 97 yilligi munosabati bilan “Inson – eng buyuk mavzu” nomli davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbirda ikki universitet professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etdilar.
Davra suhbatida Chingiz Aytmatov ijodining jahon adabiyotida tutgan o‘rni, adib asarlarida inson taqdiri, ma’naviyat, vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlar masalalarining badiiy talqini haqida atroflicha fikr almashildi. Ishtirokchilar yozuvchining “Asrga tatigulik kun”, “Oq kema”, “Jamila”, “Alvido, Gulsari” kabi asarlarida inson qalbi, jamiyat va zamon muammolari chuqur falsafiy mazmunda yoritilganini ta’kidladilar.
Tadbir davomida adabiyotshunos olimlar va yosh tadqiqotchi talabalarning Ch. Aytmatov ijodiga bag‘ishlangan ma’ruzalari, badiiy chiqishlari va fikr-mulohazalari tinglandi. Shuningdek, ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi ilmiy-madaniy hamkorlikni yanada mustahkamlash, kelgusida qo‘shma tadbirlar va ilmiy loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Davra suhbati yakunida Chingiz Aytmatov ijodi yosh avlodni ma’naviy barkamollikka yetaklovchi bebaho meros ekani e’tirof etilib, bunday ilmiy-ma’rifiy tadbirlar ikki qardosh xalq o‘rtasidagi do‘stlik va madaniy aloqalarni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.


