
Imo-ishora toʻgaragining navbatdagi guruhi kursni muvaffaqiyatli yakunladi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti inklyuziv ta’limga doimiy ravishda e’tibor qaratib kelmoqda. Universitetda o‘zbek imo-ishora tili to‘garagi tashkil etilgan bo‘lib, unda talabalarga ushbu til bepul o‘qitiladi. Mazkur kurslarda nafaqat universitet talabalari, balki imo-ishora tilini o‘rganishni istagidagi barcha ishtirok etishi mumkin.
2024-yilning noyabr oyida yo‘lga qo‘yilgan o‘zbek imo-ishora tili kurslarida universitetning ikki nafar xorijlik talabasi — AQSh fuqarosi Li Stefani va Avstraliya fuqarosi Allison Levik faol ishtirok etib, o‘z tashabbuskorligi bilan boshqalarga namuna bo‘lishdi.
Shuningdek, ushbu guruhda 14 yoshli, eshitish imkoniyatidan mahrum Zilolabonu Xoliqova ham qatnashdi. U uzoq vaqtdan beri imo-ishora tilini o‘rganishni orzu qilgan, biroq mos kurslarni topa olmagani sababli bu istagi kechikib kelgan. Negaki, eshitmaydigan insonlar jimlik dunyosida yashab, ko‘pincha muloqotdan chetda qoladi. Imo-ishora tili esa ular uchun yangi do‘stlar orttirish va jamiyatga faol qo‘shilish imkonini beradi.
Kurslarga oid yana bir diqqatga sazovor holat — e’lon berilganidan so‘ng Gulnoza ismli ayol murojaat yo‘lladi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, uning o‘g‘li Dilshod Toshkent shahridagi 106-sonli zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatning 3-sinfida tahsil oladi. Farzandi kelajagini o‘ylagan Gulnoza nafaqat o‘zi, balki Dilshodning ukasi Zafarni ham yetaklab kelib, u bilan birgalikda kurslarda qatnashdi. Bugunga kelib, Gulnoza imo-ishora tilini o‘zlashtirgan holda, farzandi bilan erkin muloqot qila boshlagan.
O‘tgan hafta esa imo-ishora tili kursining yakuniy imtihonlari bo‘lib o‘tdi. Imtihon jarayonini O‘zbekiston Karlar jamiyatining Toshkent shahar bo‘linmasi raisi, professional imo-ishora tarjimoni Gulnora Mahkamova, jamiyat xodimi Shuhrat Naimov hamda faol yoshlaridan biri Otabek Sarimsoqov nazorat qildi.
Sertifikat topshirish marosimida universitetning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori Gulnoza Jo‘rayeva, Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash, nazorat va monitoring bo‘limi boshlig‘i Ra’no Azizova ishtirok etib, kursni muvaffaqiyatli tugatganlarga sertifikatlar topshirdilar va kelgusi faoliyatlarida ularga muvaffaqiyat tiladilar.