Yangiliklar

img
Sun, 08/31/2025 - 16:31

Ilmiy-texnikaviy kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

2025-yil 30-avgust kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Ilmiy-texnikaviy kengashning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda universitet tadqiqotchilari tomonidan taqdim etilgan 59 ta falsafa doktori (PhD) va 3 ta fan doktori (DSc) ilmiy darajalarini olish uchun olib borilayotgan tadqiqot ishlari muhokama qilindi.
Muhokama jarayonida “O‘zbek tili”, “O‘zbek adabiyoti”, “Osiyo va Afrika xalqlari tili va adabiyoti”, “Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik”, “Adabiyot nazariyasi”, “Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik”, “Til nazariyasi. Amaliy va kompyuter lingvistikasi”, hamda “Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi” ixtisosliklari bo‘yicha dissertatsiya mavzulari atroflicha ko‘rib chiqildi. Tadqiqotlarning dolzarbligi, ilmiy-amaliy ahamiyati va muammoning qo‘yilishi masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilishda matnshunoslik, adabiy manbashunoslik va kompyuter lingvistikasi sohalarida hali tadqiq etilmagan manbalar ustida ishlash, shuningdek, o‘zbek tili milliy korpusini yaratish bo‘yicha olib borilayotgan tadqiqotlar alohida e’tiborga olindi. Umumta’lim maktablarida ona tili, o‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish metodikasini takomillashtirishga qaratilgan mavzular nazariy va amaliy muammolar asosida muhokama qilindi.

 

Tadqiqotchilarga ilmiy tadqiqot metodlaridan samarali foydalanish, ta’lim-tarbiya jarayonidagi muammolarga innovatsion yechimlar topish va fanlar tutashuvidagi masalalarni kengroq o‘rganish bo‘yicha qator tavsiyalar berildi. Shuningdek, professor-o‘qituvchilar tomonidan tayyorlangan monografiyalarning ta’lim jarayonida qo‘llanilishi zaruriyati ta’kidlandi.

 

Ushbu yig‘ilish universitetning ilmiy-akademik faoliyatini yanada rivojlantirish va ta’lim sifatini oshirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.