
Ilmiy-metodologik seminar: yangi yondashuvlar va tajribalar
2025-yil 19-fevral kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida doktorantlar va izlanuvchilar uchun navbatdagi ilmiy-metodologik seminar bo‘lib o‘tdi. Mazkur an’anaviy seminar yosh tadqiqotchilarni ilmiy izlanishlarga yo‘naltirish, ularga metodologik ko‘rsatmalar berish hamda ilmiy-tadqiqot faoliyatida yuzaga keladigan muammolarni tahlil qilish maqsadida tashkil etildi.
Seminarni universitet ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Nozliya Normurodova boshqarib bordi. Tadbir mehmonlari – pedagogika fanlari bo‘yicha dotsent Klaraxon Mavlonova va tilshunoslik yo‘nalishi bo‘yicha dotsent Iroda Azimova ilmiy faoliyat bo‘yicha o‘z tajribalari va ilmiy izlanishlar jarayoni haqida ma’ruza qildilar.
Seminarda dotsent Klaraxon Mavlonova "Pedagogik tadqiqotlar mazmuni" mavzusida ma’ruza qildi. U pedagogik tadqiqotlarning o‘ziga xos jihatlari, metodologik yondashuvlari hamda zamonaviy ilmiy yo‘nalishlardagi dolzarb masalalar haqida so‘z yuritdi. Shu bilan birga, tadqiqotchilar pedagogik izlanishlarni olib borishda duch keladigan muammolar va ularning yechimlari bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Dotsent Iroda Azimova esa ilmiy tadqiqot qilishning nazariy asoslari, psixolingvistik va neyrolingvistik tadqiqotlar haqida batafsil ma’ruza qildi. Uning ta’kidlashicha, zamonaviy lingvistika va psixolingvistika tadqiqotlarida neyrofiziologik yondashuvlar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shuningdek, ilmiy tadqiqotning asosiy bosqichlari, tadqiqot usullari va natijalarni tahlil qilish metodlari haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Seminar davomida doktorant va izlanuvchilar ilmiy izlanishlar olib borish jarayonida uchraydigan qiyinchiliklar, tadqiqot metodlari va nazariy yondashuvlar borasida muhokamalar olib bordilar. Ishtirokchilar o‘z ilmiy ishlari yuzasidan mehmonlarga savollar bilan murojaat qilib, amaliy tavsiyalar oldilar.
Seminar yakunida tadqiqotchilar o‘zlarining ilmiy faoliyatida qo‘llash mumkin bo‘lgan yangi yondashuvlar bilan tanishdilar va bu kabi metodologik seminarlarning ahamiyati beqiyos ekanligini ta’kidladilar.
Mazkur seminar ilmiy izlanishlar bilan shug‘ullanayotgan yosh tadqiqotchilar uchun foydali bo‘lib, ularga yangi g‘oyalar va ilmiy-tadqiqot faoliyatida qo‘llash mumkin bo‘lgan innovatsion yondashuvlarni kashf etishda muhim omil bo‘ldi.