Ilmiy bahslardan rivojlanish sari
O'zbek filologiyasi fakulteti tarixan o'zbek tili, adabiyoti, folklori sohasida fundamental tadqiqotlar olib boriladigan shu sohalarning kelajagi bo'lgan kadrlar tayyorlanadigan ilmiy markazga aylangan desak, mubolag'a bo'lmaydi. Universitetimizning bu otaxon fakultetida ilmiy faoliyat tizimli yo'lga qo'yilgan va uzoq yillik an'analarga asoslanadi. Shunday ibratli an'analardan biri fakultetning an'anaviy nazariy-metodologik seminarlaridir. Bu seminarlarda fakultetning tajribali professorlaridan tortib yosh tadqiqotchilarigacha o'z izlanishlari doirasida ma'ruza qiladilar, fakultet olimlarining ta'bir joiz bo'lsa, "chig'irig'idan o'tadilar".
Ushbu oyda ham ana shunday seminarlaning navbatdagisi bo'lib o'tdi. Unda PhD Ozoda Tojiboyeva “Struktural metodning tahlil imkoniyatlari” mavzusida, PhD Sohiba Umarova “XIX-XX asr Xorazm adabiy muhitiga oid devonlar tasnifi” mavzusida hamda yosh o'qituvchi Azamat Xayrullayev “Normurod Norqobilovning sarlavha qo‘llash mahorati” mavzusida ma'ruza qildi.

Ma'ruzalar qiziqarli va ilmiy tahlillarga asoslangan bo'lib, seminarlardagi savol-javoblar, tavsiya va takliflar tadqiqotchilarning ilmiy xulosalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.





