Yangiliklar

img
Tue, 12/24/2024 - 06:48

Ilmga baxshida umr

ILM VA INSONIYAT FIDOYISI

   Har bir ilm yo‘lida iz qoldirgan inson vafotidan keyin ham o‘z xalqi va madaniyatining tirik yodgorligiga aylanadi. Ana shunday ilm-fan namoyondasi mening buvam, tilshunos va navoiyshunos olim Latif Xalilovdir. Latif Xalilov – fors tili va adabiyoti, o‘zbek tilshunosligi hamda navoiyshunoslik sohalarida ulkan meros qoldirgan, xalqimizning ma’naviy boyligini yanada boyitgan inson. U o‘zining ilmiy asarlari va insoniy fazilatlari bilan nafaqat o‘z davrida, balki bugungi kunda ham yuksak hurmat va ehtirom bilan tilga olinadi.
   Latif Xalilov O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston milliy universiteti)ning “Sharq tillari” fakultetini tamomlagan. U ilm yo‘lidagi faoliyatini Toshkent davlat pedagogika universitetining O‘zbek tili va adabiyoti fakultetida oddiy laborant sifatida boshlagan bo‘lsa, vaqt o‘tishi bilan o‘z mehnati va ilmga bo‘lgan ishtiyoqi tufayli katta o‘qituvchi, dotsent lavozimlarida ishlagan. Umrining oxirgi 10 yilligida mazkur fakultetda kafedra mudiri sifatida faoliyat yuritgan. Bu yillar davomida u nafaqat ilm bilan shug‘ullandi, balki yosh avlodni ilm yo‘liga yetaklovchi yetuk pedagog sifatida tanildi. Bugungi kunda u ta’lim bergan bir qancha talaba-shogirdlari tilshunoslikning turli yo‘nalishlarida katta yutuqlarga erishib kelmoqda.
   Latif Xalilov – shunchaki bir olim emas, balki qalblarda unutilmas iz qoldirgan inson, mening hayotimning ma’naviy yorqin yulduzi. U – fors tili va adabiyoti, navoiyshunoslik va tilshunoslik sohalarida xalqimizning ma’naviy boyligini yuksaltirgan asl fidoyi.  
   Latif Xalilovning ilm-fanga qadam qo‘yish yo‘li oddiy laborantlikdan boshlanib, sharqshunoslikning yuksak cho‘qqilarigacha olib chiqdi. Sharq tillari bo‘yicha “Fors tili” darsligini yaratganida u shunchaki kitob emas, minglab talabalar uchun bilimsizlik pardasini ochadigan kalitni qo‘liga tutqazdi. Bu darslik – fors tili grammatikasi va talaffuz sir-asrorlariga to‘la murakkab ilmni sodda va amaliy tarzda taqdim etuvchi muhim qo‘llanma bo‘lib qoldi.  Uning “Fors tili”, “Eski o‘zbek yozuvi” kitoblari Respublika talabalari uchun ilk mukammal darslik bo‘lib, hanuzgacha bu borada e‘tirof etilgan asar sifatida qadrlanadi. 
   Latif Xalilov nafaqat tilshunoslik bo‘yicha darsliklar muallifi, balki o‘zbek adabiyotining boy tarixini saqlash yo‘lida ham o‘chmas iz qoldirdi. U “Boburnoma”ga izohli lugat yaratishda faol ishtirok etgan, Alisher Navoiy asarlarini yigma jildlar holida qayta nashrga tayyorlashda katta hissa qo‘shgan. Shuningdek, Abdulla Avloniyning “Turkiy Guliston yoxud axloq” asarini qayta nashr ettirib, xalqimizning axloqiy-ma’naviy boyliklarini avlodlarga yetkazish yo‘lida ulkan xizmat qilgan.
   Latif Xalilov sakkiz farzandning (besh o‘g‘il va uch qiz) otasi bo‘lgan. Shunday katta oila bir tom ostida, Toshkentning Eski shaharidagi kattagina hovlida ahil-inoq yashagan. Ro‘zg‘or yuki og‘ir bo‘lishiga qaramay, u nafaqat rozg‘orboshilik qilgan, balki mukammal ilm sohibi bo‘lishni ham uddalagan. U uzoq viloyatlardan kelgan shogirdlariga hamisha uyining to‘ridan joy bergan. Har birining ta’lim-tarbiyasi haqida o‘ylagan, ularga bag‘rikenglik va g‘amxo‘rlik ko‘rsatgan. Ushbu fazilatlari orqali buvam nafaqat oilamiz, balki undan tashqaridagi insonlarning ham hurmat va mehrini qozongan. Uning hovlisi – ilm, tarbiya va samimiyat maskani edi.

  

   Yodimda, buvamning hovlisida katta tut daraxti bor edi. Daraxt tagida uzoqdan kelgan shogirdlari, qo‘shnilar va biz, nabiralari birlashib, undagi mevalardan tatirdik. Daraxt Latif Xalilovdek olim odamning bag‘rikeng qalbining tirik ramzi; daraxt soyasida aytilgan har bir hikoya, bergan har bir maslahati uning hayot falsafasining yorqin belgisi edi.
   Latif Xalilov faqat ilm-fan uchun emas, balki inson qalbidagi yuksak fazilatlar uchun yashagan inson edi. U yosh avlodga, farzandlariga ma’naviyatni qadrlashni, ilm va mehrni uyg‘un saqlashni o‘rgatdi. U ko‘pincha shunday derdi: “Qiz bola uchun eng yaxshi kasb – o‘qituvchilik. Bu kasb bilan farzandlariga bilim bera oladi, ro‘zg‘orida tartibni ham saqlaydi. Ishga ham, oilasiga ham birdek vaqt ajratadi…” Uning bu so‘zlari menga hayot yo‘limni belgilashda yo‘naltiruvchi shior bo‘ldi. 
   
Bolaligimda buvamning ilmiy faoliyati, insoniy fazilatlari haqida tinglagan hikoyalarim ko‘nglimda ulkan faxr hissi uyg‘otardi. Bugun esa u haqidagi fikrlarni so‘zga aylantirish naqadar sharaf ekanligini his qilaman. Buvam tez-tez atroflariga biz nabiralarni to‘plab, o‘rgangan ilmlarini bizga singdirar edilar. Har bir suhbatlari, har bir darslari go‘yo mo‘jaz bir hikmat maktabi edi. Lekin bir narsa mening ko‘p e’tiborimni tortardi – buvam har bir adib, har bir olim haqida gapirayotganlarida uni “siz”lab, yuksak hurmat bilan tilga olar edilar. Ayniqsa, Alisher Navoiyni “Hazrat Navoiy” deya hurmat ila gapirganlari hanuz qulog‘im ostida. Navoiyning asarlari haqida ko‘p hikoyalar so‘zlab berganlar. Bunday hikmatlarga to‘la suhbatlar esa biz, nabiralarining yuragida ilm va ma’rifatga cheksiz qiziqish uyg‘otardi. Menimcha, o‘sha muloqotlar sabab, menda tilshunoslikka bo‘lgan sevgi va ishtiyoq shakllangan. Buvamning har bir so‘zi qalbimda ma’naviy uchqun yoqdi, ularning nuri hayotimga yo‘ldosh bo‘ldi.
   Bugungi kunda ilm-fan sohasida qoldirilgan izlarni, avlodlar uchun yaratilgan buyuk asarlarni e‘zozlash va ulug‘lash imkoniyatlari, ayniqsa virtual olamda nihoyatda keng.  Men uchun eng og‘riqli holatlardan biri – bu buvamdek ulug‘ insonning ilmiy faoliyati haqida internetdan deyarli hech qanday ma‘lumot topa olmasligimdir  Shu sabab, Latif Xalilov qoldirgan merosni xalqimizga, kelajak avlodga to‘liq yetkazish – mening hayotimning muhim vazifalaridan biri bo‘lib qoladi. U olib borgan ilmiy izlanishlar va yaratgan metodik adabiyotlarni qayta nashr qilish, keng jamoatchilikka tanishtirish nafaqat nabiralik, balki tilshunos sifatidagi burchimdir. Buvamning nomi faqat internetda emas, har bir qalbda, har bir bilim maskanida yashashi kerak, deb o‘ylayman. Bu yil buvamning tavalludiga 100 yil to‘ladi va o‘ylaymanki, uning qoldirgan ilmiy merosini o‘rganish nafaqat bu yuz yillik xotirani davom ettirish, balki abadiy qilish imkonini beradi.

   Hozirda men Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universitetining tayanch doktoranti sifatida ilmiy faoliyat olib bormoqdaman. Buvamning merosini chuqur o‘rganish va uni davom ettirishni ilm yo‘lida qo‘yilgan navbatdagi muvaffaqiyatli qadam bo‘ladi, deb hisoblayman. U kishining mehnatlari, ilmiy merosi va insoniy fazilatlari men uchun o‘chmas ilhom manbai bo‘lib qolmoqda. Latif Xalilovning merosi – bu nafaqat ilmiy asarlar, balki uning hayotdagi har bir qadami, qilgan har bir yaxshilik va qoldirgan ibratli izlaridir. U ilm va insoniyat fidoyisi bo‘lib yashadi va bugun ham o‘z farzandlari, nabiralari, shogirdlari va xalqimiz qalbida yashab kelmoqda. Men bu merosni saqlash va davom ettirishga bor kuch-g‘ayratimni sarflayman.


Zuxra Isroilova
Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tayanch doktoranti