Yangiliklar

img
Mon, 11/11/2024 - 16:04

Ijodkor bilan ijodiy suhbat

Joriy yilning 11-noyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universitetida atoqli o'zbek yozuvchisi Nazar Eshonqul bilan ijodiy suhbat bo'lib o'tdi. Uchrashuvda taniqli adabiyotshunos olimlar va talaba yoshlar ishtirok etishdi. Samimiy suhbat shaklida o'tgan uchrashuv tom ma'noda adibning ijod laboratoriyasiga sayohat bo'ldi deyish mumkin. Adabiyotga mehr qo'ygan ToshDO'TAU talabalari uchun mazkur suhbat chinakam tuhfa bo'ldi. 
Zamonaviy o‘zbek nasrida Nazar Eshonqul ijodi o‘ziga xos salmoqqa ega. Yozuvchi uslubi, voqelikka yondashuvi, tasvir va talqindagi o‘zgachaligi bilan zamondoshlaridan farqlanib turadi. Muallif asarlarida o‘zligini anglash yo‘lida o‘z-o‘zi bilan raqobatga kirishgan Shaxs qiyofasi, jamiyat hayotida o‘z o‘rnini topa olmagan alamzadaning ma’naviy qiyofasi, uning anglamlari, hissiy kechinmalari tamomila yangi rakurslarda ko‘rsatilishi e’tiborga loyiqdir. Adibning “Maymun yetaklagan odam”, “Ajr”, “Ochilmagan eshik”, “Muolaja”, “Tobut”, “Og‘riq lazzati”, “Qo‘l”, “Bahouddinning iti”, “Qultoy”, “Shamolni tutib bo‘lmaydi” kabi o‘nlab hikoyalari, “Tun panjaralari”, “Qora kitob” qissalari, “Go‘r o‘g‘li yoxud hayot suvi” romani o‘zbek zamonaviy nasrining go‘zal namunalariga aylandi. Shuningdek, u Xuan Karlos Onettining «Hikoyalar va qissalar»ini, Alber Kamyuning «Esselar»ini, Chexovning «Boloxonali uy» hikoyasini, Alber Kamyuning falsafiy esselarini va boshqa ko’plab dunyo adabiyoti namunalarini o’zbek tiliga tarjima qilgan.