Ijod maktabi bilan hamkorlik qirralari
Davlatimiz rahbari tomonidan 2023-yil 7-aprel kungi Sirdaryo viloyatiga tashrif chog‘ida Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabida yoshlarning iste’dodi va qobiliyatini har tomonlama rivojlantirish, ularning ilm-fanni egallashga bo‘lgan intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, iqtidorini ro‘yobga chiqarish, sifatli ta’lim xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini oshirish, ijod maktabida o‘qitish va tarbiyalash tizimini takomillashtirish bo‘yicha topshiriqlar berilgan edi.
Ana shu vazifalardan kelib chiqqan holda, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti va Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabi o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, shu vaqtgacha olib borilgan ishlarning tahlili hamda kelgusida amalga oshiriladigan ishlar rejasini tuzish maqsadida 2023-yil 17-aprelda O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor S.Normamatov boshchiligidagi universitet jamoasi mazkur ijod maktabiga tashrif buyurishdi.
Dastlab ijod maktabining bu o‘quv yilidagi 24 nafar bitiruvchisi bilan suhbat o‘tkazildi, ularni universitetimizdagi bakalavriyat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga jalb etish, kelgusidagi o‘qish va ijodiy faoliyati uchun kerakli sharoitlarni yaratishga ko‘maklashish masalalari muhokama qilindi.
Ijod maktabining 7 nafar ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchilari bilan o‘quv jarayoniga zamonaviy usul va uslublarini joriy etish, fanning ilmiy-nazariy asoslarini o‘rgatishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini amaliyotda qo‘llash, dars o‘tish metodikasini rivojlantirish, o‘quvchilarning darsdan tashqari vaqtlarini samarali tashkil etish borasida fikr almashildi. Shuningdek, ijod maktabi pedagogik jamoasining ilmiy salohiyatini ko‘tarish, ularni universitetdagi mavjud magistratura mutaxassisliklariga, doktarantura ixtisosliklariga jalb qilish, o‘quv-uslubiy faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan vazifalar beligilab olindi.

Universitetdagi O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasining ijod maktabidagi filiali tashkil etildi. Ijod maktabi direktori P.Axmedjanova, o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Z.To‘ychiyev, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari T.Mamatxoliqovalar ishtirokida Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti bilan Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabi o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish dasturi ishlab chiqildi. Dasturda quyidagilar asosiy ustuvor vazifalar sifatida belgilandi:
- * ijod maktabi o‘qituvchilarini yuqori malakali mutaxassislardan iborat tarkibda shakllantirishga, xususan, ularda falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega bo‘lgan pedagoglar sonini oshirib borishga ko‘maklashish;
- * ona tili va adabiyot fani bo‘yicha universitetdagi yuqori malakali professor-o‘qituvchilarning dars mashg‘uloti, mahorat darslari o‘tishlarini tashkil etib borish;
- * ijod maktabida o‘quv jarayoniga innovatsion pedagogik usul va texnologiyalarni joriy qilish, ta’limning sifat va samaradorligini oshirishga qaratilgan metodik seminarlar o‘tkazilishini yo‘lga qo‘yish;
- * bitiruvchi sinf o‘quvchilarini ixtisoslik fani bo‘yicha universitetdagi bakalavriyat yo‘nalishlarida ta’limni davom ettirishga yo‘naltirish;
- * har yili 15-may sanasida “Halima Xudoyberdiyeva nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti fan olimpiadasi”ni tashkil etish;
- * hozirda badiiy ijod bilan shug‘ullanayotgan 10 nafar maktab o‘quvchisiga universitet professor-o‘qituvchilaridan mas’ul biriktirish, ularni universitetdagi ijod to‘garaklariga muntazam jalb etish;
- * pedagogik ta’lim yo‘nalishlaridagi talabalar amaliyotini 4+2 shaklida ijod maktabi bazasida tashkil etish.


