
Huquqiy bilimlar va ijodiy ifoda
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuniga bag‘ishlangan ma’rifiy va madaniy tadbir o‘tkazildi. Tadbirda yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati talabalarga yetkazilib, huquqiy ongni yuksaltirish va asosiy qonunning jamiyat hayotidagi o‘rnini keng targ‘ib qilish maqsad qilingan.
Tadbir davomida talabalarning faolligini oshirishga qaratilgan qator tashabbuslar amalga oshirildi. Jumladan, “Konstitutsiyam - qomusim, faxrim!” heshtegi ostida ijtimoiy tarmoqlarda ijodiy fotolar va videoroliklar joylashtirilib, yoshlarning Konstitutsiya haqidagi tushunchalari va bilimlarini keng ommaga namoyish etish imkoniyati yaratildi. Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi – erkin va farovon hayot garovi” shiori ostida shahar va tumanlardagi davlat organlariga sayohatlar tashkil etilib, talabalar davlat boshqaruvi tizimi bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
Universitetda yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning asosiy o‘zgarishlari va ularning ahamiyatini tushuntirishga bag‘ishlangan davra suhbatlari o‘tkazilib, talabalar huquqshunos mutaxassislardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Tadbir yakunida esa “Konstitutsiya bilimdoni” intellektual o‘yini o‘tkazilib, talabalar orasida huquqiy bilimlarni mustahkamlash va rag‘batlantirishga xizmat qiluvchi viktorina tashkil etildi. Eng faol ishtirokchilar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Mazkur tadbir yosh avlodning huquqiy savodxonligini oshirish, Konstitutsiya kunining ahamiyatini chuqurroq anglash hamda ularning jamiyat hayotidagi faolligini yanada oshirishga qaratilgan muhim qadam bo‘ldi.