
Huquqbuzarliklar profilaktikasi mavzusida davra suhbati o'tkazildi
Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Ichki ishlar organlari huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmatining voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Ushbu tadbirda IIV Akademiyasining “Huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati” kafedrasi katta o‘qituvchisi, podpolkovnik D.N. Umaralieva, o‘qituvchisi mayor Sh.N. Nimatov hamda kapitan A.R. Abdug‘aforov ishtirok etdilar.
Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasining “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonuni muhokama qilindi. Ushbu qonunning ahamiyati, huquqbuzarliklarni oldini olishda belgilangan asosiy yo‘nalishlar va profilaktik ishlarni tashkil etishdagi roli ta'kidlandi. Shuningdek, mamlakatda “Mahalla yettiligi”ning tashkil etilgani va jinoyatchilikni oldini olish bo‘yicha davlat organlari o‘rtasidagi hamkorlik haqida batafsil ma’lumot berildi. Jumladan, Toshkent shahridagi M.Ulug‘bek tumanida qizil toifaga kiritilgan mahallalar IIV Akademiyasi tomonidan biriktirilgani va belgilangan rejaga muvofiq ishlar olib borilayotgani qayd etildi.
Tadbirda yoshlar o‘rtasida Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilishning ahamiyati, jamoat xavfsizligini ta’minlash va huquqbuzarliklarning oldini olishda hamkorlikning samarali usullari haqida amaliy tavsiyalar berildi. Shu orqali yosh avlodning ma'naviy tarbiyasiga ijobiy hissa qo‘shish, huquqiy bilimlarini oshirish va xavfsiz muhitni ta'minlashga qaratilgan chora-tadbirlarning muhimligi yana bir bor e’tirof etildi.