Yangiliklar

img
Mon, 05/19/2025 - 20:29

Hindistonda O'zbek tili va madaniyati markazini ochish rejalashtirilmoqda

2025-yil 19-may kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetiga Hindistonning nufuzli  Javoharlal Neru nomidagi universiteti professori,  Fors va Markaziy Osiyo tadqiqotlari kafedrasi mudiri Axloq Ahmad tashrif buyurdi. Mehmonni ToshDO‘TAU ilmiy ishlar, innovatsiyalar va xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Nozliya Normurodova kutib oldi.
Ta'kidlash joizki, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda Javoharlal Neru nomidagi universitet o‘rtasida 2023-yilda hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolangan edi.
Javoharlal Neru universiteti 1969-yilda Hindiston hukumati tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, o‘zining tanqidiy fikrlashga asoslangan akademik muhiti, ilg‘or tadqiqotlari va ijtimoiy fanlar sohasidagi yetakchi maktablari bilan tanilgan. Universitetda xalqaro aloqalarga ixtisoslashgan ko‘plab markazlar faoliyat yuritadi, jumladan, Til, adabiyot va madaniyat tadqiqotlari maktabi hamda Fors va Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazi mintaqaviy hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Uchrashuvda tomonlar o‘rtasida ilmiy-akademik hamkorlikni rivojlantirish, o‘zaro tajriba almashinuvi, qo‘shma tadqiqotlar olib borish, madaniy-ma’rifiy loyihalarni amalga oshirish kabi qator masalalar muhokama qilindi.  Memorandumga ko'ra kelgusi o‘quv yilida ToshDO‘TAUdan bir nafar o‘zbek tili o‘qituvchisi Javoharlal Neru universitetiga yuborilishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, mazkur universitet huzurida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va madaniyati markazini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda. Mazkur tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-yanvardagi PQ–19-sonli “O‘zbek tilining xalqaro nufuzini oshirish, xorijiy mamlakatlarda o‘rganilishini rag‘batlantirish va uning targ‘ibotini kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga oshirilmoqda. Ushbu hujjatda xorijiy davlatlarda, xususan, Hindistonda O‘zbek tili va madaniyati markazini tashkil etish vazifasi bevosita Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetiga yuklatilgan.  Tashrif yakunida tomonlar qo‘shma ilmiy tadbirlar, konferensiyalar va nashrlar tashkil etish, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, o‘zaro ko‘maklashuv asosida o‘quv dasturlarini boyitish kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga kelishib oldilar. Uchrashuv samimiy va konstruktiv muhitda o‘tib, ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida uzoq muddatli, mazmunli hamkorlik uchun mustahkam zamin yaratdi.