Hayotiy voqeaga asoslangan film namoyishi
Bu galgi chorshanba ham talabalar uchun mazmunli o'tdi. Ma'lumki, yoshlar uchun Milliy Kinomatografiyani rivojlantirish markazi bilan hamkorlikda sifatli badiiy filmlar namoyishi bo'lib o'tmoqda. Joriy haftada “101-reys” kartinasi namoyish etildi. Mazkur ijod mahsuli real voqealarga asoslangan bo‘lib, unda 2001-yil 11-sentabrida AQShda sodir etilgan terrorchilik harakati paytida mazkur mamlakat havo bo‘shlig‘ida bo‘lgan va bortida 180 kishini olib ketayotgan “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasiga tegishli samolyot tarixi haqida hikoya qilinadi. Terakt oqibatida AQSh havo yo‘llari mamlakatga kirib keluvchi har qanday samolyot uchun tezda yopilgan va o‘sha sanada Nyu-Yorkka qo‘nishi kerak bo‘lgan 101-reys layneri ikki tomonidan qiruvchi samolyotlar bilan o‘rab olingan. Shundan so‘ng ekipaj yo‘nalishini Kanada tomon o‘zgartirishga buyruq olgan. Yo‘nalish o‘zgartirilmasa, qiruvchi samolyotlar bilan urib tushirilishi mumkin edi. Bortida 180 nafar yo‘lovchi va 13 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan ushbu reys Shimoliy Amerika havo hududida murakkab vaziyatga duch kelgan: samolyot yonilg‘i yetmasligi sabab eng yaqin aeroportga ham yetib bora olmasligi ma’lum bo‘ladi va 101-reys kapitani Zarif Saidazimov barcha mas’uliyat va javobgarlikni o‘z zimmasiga olib, tavakkal qiladi.

Bu film keyingi yillarda o‘zbek kinosiga bo‘lgan e’tiborning mevasi. Hayotiy voqealarga asoslangan, syujeti o‘tkir, aktyorlar ijrosi o‘ziga xos. Film tomoshabinlarda yaxshi taassurot qoldirdi.


