Yangiliklar

img
Thu, 05/08/2025 - 16:03

Harbiy qismda "Ochiq eshiklar kuni"

Harbiy bo‘lishni orzu qilmagan insonning o‘zi bo‘lmasa kerak. Ayniqsa, yoshlarda harbiy libos kiyish, mayor, polkovnik yoki general darajasigacha yetishish orzusi kuchli bo‘ladi. Shu bois, ularni ushbu yo‘lning bosqichlari, harbiy hayot tarzi qiziqtirishi tabiiy.
2025-yil 7-may kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universiteti talaba-yoshlari va tyutorlari Yashnobod tumanida joylashgan 81109-harbiy qismda mehmon bo'ldilar. “Tayanchim va suyanchim, faxr-u iftixorimsan, muqaddas Vatan!” shiori ostida o‘tkazilgan “Uch avlod uchrashuvi” hamda “Harbiy qismda bir kunim” mavzuidagi tadbir yoshlarda harbiy hayotga qiziqish uyg‘otish, ularni ona Vatanga sadoqat va muhabbat ruhida tarbiyalashga xizmat qildi.
Tadbir davomida talabalar harbiy qismning kundalik tartibi, mavjud qurol-aslaha va harbiy texnikalar bilan yaqindan tanishdilar. Uchrashuvda Milliy gvardiya faxriylar kengashi raisining o‘rinbosari, podpolkovnik B. Toshpo‘latov va zaxiradagi general-mayor M. Muxiddinov ishtirok etdi.
Bunday tadbirlar yoshlarning ma’naviy yetuk, vatanparvar va ongli bo‘lib ulg‘ayishida muhim o‘rin tutadi. Faxriylarning hayotiy tajribasi esa ular uchun bebaho saboq bo‘lib xizmat qiladi.